Maldiv orollari ustozi: "Birinchi bo'limning o'zidayoq raqib darvozasiga o'nta gol urishimiz mumkin edi"

Sherzod Nurmatov
14 iyun 2022
Osiyo Kubogi-2023 hal qiluvchi saralash bosqichining 3-turidan o'rin olgan Maldiv orollari – Shri-Lanka (1:0) uchrashuvidan so'ng Maldiv orollari bosh murabbiyi Franchesko Moreiro fikrlarini bildirdi.

"Ilk navbatda, yaratilgan shart-sharoitlar uchun O'FAga minnatdorchilik bildiraman. Tashkiliy ishlardan butun jamoa xursand", – dedi murabbiy.

- Shri-Lankaga qarshi so'nggi o'zaro o'yinda ko'p to'p kiritilgandi. Bugungi bahsda esa darvozalar atigi bir marotaba ishg'ol qilindi. Sizningcha, jamoaga nima etishmadi?

- O'yinda nimalar sodir bo'lganini juda yaxshi eslayman. Birinchi bo'limning o'zidayoq raqib darvozasiga o'nta to'p kiritishimiz mumkin edi. Avval aytganimdek, individual xatolarimiz bisyor, bu borada rivojlanishimiz kerak. Hujum chizig'imizda mahoratli o'yinchilar bor. Ular o'yin natijasiga ta’sir ko'rsatadigan harakatlar qilish kerakligini yaxshi bilishadi. Fikrimcha, ilk o'yindan beri diqqat-e'tiborimizni yo'qotmadik. 

Shri-Lankaga qarshi o'yin qiyin o'tdi, raqib chuqur himoyalangan holda o'yin ko'rsatdi, ular safida baland bo'yli o'yinchilar bor edi. Bugun shogirdlarimdan tezkorlikni talab qildim, natijada gol urishga erishdik. Umuman olganda, jamoadan va natijamizdan mamnunman.

- O'zbekiston terma jamoasi qanday taassurot qoldirdi?

- O'zbekiston kuchli jamoa va yuqori sifatga ega. Biz futbolchilar bilan ko'p vaqt o'tkaza olmaymiz, shu bois qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia