"Lochin" ustozi Sardor To'xtaev: "Yigitlarimiz futbol o'ynashni istashsa, Superliganing istalgan jamoasiga qiyinchilik tug'dirishimiz mumkin"

Administrator
14 may 2025
O'zbekiston kubogi uchinchi turidan o'rin olgan "Surxon" – "Lochin" uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Sardor To'xtaev va Zafar Polvonovlar matbuot anjumanida qatnashishdi.

– O'yin haqida

– Bugun g'alabadan boshqa narsa bizni qoniqtirmasligini bilardik. "Surxon" o'z o'yin uslubiga ega yaxshi jamoa, Superligada ham ijobiy o'yin ko'rsatmoqda. Kim g'alaba qozonsa, pley-offga chiqardi. Uchrashuv kurashlarga boy bo'ldi. Kimda xohish kuchliroq bo'lsa, o'sha tomon natijaga erishadi. Yigitlarimiz xarakterli. Agar biznikilar o'zlari istashsa, Superliganing istalgan jamoasiga qarshilik ko'rsata oladi. 

Zafar Polvonov: 

– O'yinga juda yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. Keyingi bosqichga yo'l oldik. Buyog'ini vaqt ko'rsatadi. 

– "Surxon"ga qarshi o'yinda g'alaba qozonishingizga asosiy sabab nima bo'ldi?

– Biz qarshi hujum taktikasiga tayyorlangandik. "Surxon"ga g'alaba kerak edi va ular oldingi o'tishi aniq edi. Biz bunga tayyor edik. Oxirgacha o'ynashga kelishib olgandik. Bu vazifa a'lo darajada uddalandi. Rahbarimiz bizga g'alaba qozonish topshirig'ini bergandi, biz bu vazifani uddaladik. Rahbariyatga rahmat aytamiz. "Surxon" jamoasini o'rganib chiqib, qarshi hujum reja qilingandi. 

– Qur'adan so'ng "Lochin" jamoasi bunday natija ko'rsatishini ko'pchilik kutmagandi. Jamoa o'z oldiga qanday maqsadni qo'ygan?

– Jamoa yuqori maqsadlarni ko'zlagan. Pro ligaga yo'llanmani qo'lga kiritish asosiy maqsad. Kubokda esa guruhdan chiqib, uzoqroqqa borish vazifasi oldimizga qo'yilgan. 


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia