

Chempionlar Ligasining ketma-ket 2 ta turida 4 ochko olib, o'z guruhida yetakchi bo'lib turgan Server Jeparov jamoadoshlari, endi Eron chempionatida ham yorqin g'alabani qo'lga kiritdi.
38 ochko jamg'arib, turnir jadvalida ikkinchi bo'lib turgan “Fulad” uyiga borgan “Istiqlol”, 4:1 hisobida zafar quchdi. Bellashuvni boshlang'ich tarkibda o'tkazgan Jeparov 4-daqiqadayoq sherigiga golli uzatma berdi. Senegallik Mame Baba Tiam esa imkoniyatdan unumli foydalandi. Mazkur gol tehronliklar shijoatini oshirdi. Natijada hisob 18-daqiqadayoq 1:3 ko'rinishini olgandi.
Jeparov maydonda 75 daqiqa harakat qildi. Keyinroq germaniyalik bosh murabbiy Shefer uning o'rniga himoyaviy taktikaga yordam beruvchi futbolchini maydonga tushirdi.
Mazkur g'alabadan keyin “Istiqlol” turnir jadvalida kuchli uchlikka kirib oldi. Bir yo'la 5 ta jamoa hisobida 38 tadan ochko bor ekani, fors chempionatidagi kurash va raqobatning qay holatda ekanini ko'rsatishi mumkin. Ahamiyatli tomoni, kelasi turda dastlabki to'rt o'rin sohiblarini jiddiy sinov kutib turibdi. “Zob Ohan” 1 mart kuni “Pars Jam Bushehr” klubi mehmoni bo'ladi. Jeparov jamoadoshlari esa mashhur “Ozodi” stadionida Tehron derbisiga chiqib kelishadi. Raqib - “Persepolis”.

Championat.asia statistikasi
Server Jeparov “Istiqlol”ning asosiy futbolchisi. Raqobat kuchli bo'lgan chempionatda ham, xalqaro maydonda ham u asosiy figuralardan biri bo'lishda davom etmoqda.




