

"Manchester Yunayted" "Arsenal" ustidan 3:2 hisobida g'alaba qozongan dramatik uchrashuvdan so'ng jamoa hujumchisi Mateus Kunya o'yin haqidagi taassurotlari, o'z goli hamda jamoadoshi Dorguning ajoyib zarbasi borasida fikrlarini bildirdi.
"100 foiz ishonch bilan ayta olaman - bu men uchun “Yunayted” futbolkasidagi eng yaxshi pallalardan biri. Biz aynan shunday o'yinlarni o'ynashni orzu qilganmiz. “Manchester Yunayted”ga kelayotganimda televizor orqali ana shunday katta bahslarni tomosha qilardim. Bu erda o'tkazgan eng yorqin lahzalarimdan biri", - dedi Kunya.
Braziliyalik hujumchi o'z goli tasodif emasligini, bu ortida doimiy mehnat yotganini ta'kidladi.
"Har bir mashg'ulotda aynan shunday zarbalar ustida ishlayman. Atrofdagilar doim: “Jarima maydoni tashqarisidan urib ko'r, senda bu juda yaxshi chiqadi”, deb aytishadi", - deya qo'shimcha qildi u.
Kunyaning so'zlariga ko'ra, Premer-ligada o'yin taqdiri ko'pincha mayda nyuanslar bilan hal bo'ladi.
"APLda barcha jamoalar juda tartibli va intizomli himoyalanadi. Ayrim paytlarda senda faqat bitta imkoniyat bo'ladi, xolos. Ana shu yagona shansga har doim tayyor bo'lish kerak", - dedi hujumchi.
Shuningdek, u jamoadoshi Dorguning golini ham alohida etirof etdi.
"Dorguning goli? Nima desam ekan… aqlbovar qilmas! Rostini aytsam, uning goli mening golimdan ham chiroyliroq bo'ldi, deb o'ylayman. Zarbasi shunchaki juda kuchli edi. Bu jamoada uzoqdan ham ajoyib ura oladigan o'yinchilar ko'p", - deya xulosa qildi Mateus Kunya.




