Kuchli beshlik sharhi: grandlardagi o'zgarishlar va birinchi turning asosiy o'yinlari

21 avg 2026, 11:22
Yevropa klub futboli yangi mavsumga qaytmoqda. Ispaniyada La Liganing dastlabki uchrashuvlari o'tkazildi, Angliya, Italiya va Fransiya chempionatlari esa shu hafta start oladi. Germaniyada yangi mavsum keyingi hafta boshlanadi.

Championat.asia’da “Kuchli beshlik sharhi” loyihasi boshlandi. Bugun La Ligadagi dastlabki natijalar, shuningdek, top-klublarning yozdagi o'zgarishlari va yangi mavsum oldidan holatiga to'xtalamiz.

La Liga: “Atletiko” g'alaba bilan boshladi, “Real” va “Barselona” navbatini kutmoqda

Ispaniya chempionatining birinchi turi odatdagidan ancha uzoq davom etadi. Jahon chempionatida ishtirok etgan ayrim klublarga qo'shimcha dam berilgani sabab “Real”, “Barselona” va yana bir qator jamoalarning uchrashuvlari 25−27 avgustga surildi.

Top-klublar orasida birinchi bo'lib “Atletiko” maydonga tushdi. Diego Simeone jamoasi elitaga qaytgan “Malaga”ni 2:0 hisobida mag'lub etib, mavsumni uch ochko bilan boshladi.

gettyimages-2290647400-2048x2048.jpg

Madridliklarda yozda katta o'zgarishlar bo'ldi. Antuan Grizmann davri yakunlandi, klub esa Li Kan In, Alexandro Grimaldo, Morten Yulmann va Kristian Romero kabi futbolchilar bilan kuchaydi.

Birinchi turda yangi jamoalar ham o'zini ko'rsatdi. La Ligaga 14 yildan keyin qaytgan “Rasing” “Vilyarreal” bilan 2:2 o'ynadi. “Deportivo” esa sakkiz yillik tanaffusdan keyingi ilk uchrashuvida “Elche” bilan ochko bo'lishdi - 1:1. Galisiyaliklarning golini yozda jamoaga qo'shilgan 37 yoshli Per-Emerik Obameyang urdi.

“Espanol” esa “Levante”ni 3:0 hisobida mag'lub etib, mavsumni ishonchli boshladi. Bu natija yana bir jihatdan qiziq - keyingi turda kataloniyaliklar “Real”ni qabul qiladi.

La Liga, 1-turda o'tkazilgan o'yinlar natijalari:

  • “Alaves” 3:0 “Xetafe”

  • “Sevilya” 2:1 “Rayo Valekano”

  • “Rasing” 2:2 “Vilyarreal”

  • “Espanol” 3:0 “Levante”

  • “Deportivo” 1:1 “Elche”

  • “Atletiko” 2:0 “Malaga”

Birinchi turning “Valensiya” - “Betis”, “Real” - “Real Sosedad”, “Selta” - “Osasuna” va “Barselona” - “Atletik” uchrashuvlari keyinroq o'tkaziladi.

Bu orada 2-tur ham boshlanadi va asosiy e'tibor “Real” hamda “Barselona”ga qaratiladi.

Joze Mourinyo “Real”ga qaytdi. Portugaliyalik mutaxassis Madriddagi ikkinchi davrini ikki mavsumdan beri chempionlikni qo'ldan chiqarmayotgan “Barselona” gegemonligiga barham berish vazifasi bilan boshlaydi.

Buning uchun klub transfer bozorida katta mablag' sarfladi. Yan Diomande, Mark Kukurelya, Denzel Dyumfris va Karlos Espi xarid qilindi, Ibraima Konate hamda Bernardu Silva esa erkin agent sifatida keldi. Vinisius Junior bilan shartnoma uzaytirildi.

gettyimages-2291254501-2048x2048.jpg

Shunday tarkib bilan Mourinyoda resurs etarli. Endi asosiy savol boshqa: pragmatik futboli bilan tanilgan murabbiy yulduzlarga boy hozirgi “Real”dan qanday jamoa yasaydi? Ilk javobni “Espanol”ga qarshi uchrashuvda olish mumkin.

“Barselona”da esa asosiy figura yana Lamin Yamal bo'lib qoladi. 19 yoshli futbolchi endi istiqbolli yosh emas, balki jamoaning yetakchilaridan biri va jahon chempioni maqomida mavsumga kirib kelmoqda.

gettyimages-2290627642-2048x2048.jpg

Kataloniyaliklar ham transfer bozorida jim turmadi. Rodri, Entoni Gordon va Karim Adeyemi kabi futbolchilarning kelishi Hansi Flikka hujum va yarim himoyada yanada ko'proq variant beradi. Robert Levandovskining ketishi fonida esa yangi hujum chizig'i qanday ishlashi alohida qiziq.

La Liga, 2-tur taqvimi:

  • “Rayo Valekano” - “Alaves” - 21 avgust, 00:00

  • “Betis” - “Real Sosedad” - 22 avgust, 00:00

  • “Atletik” - “Sevilya” - 22 avgust, 20:00

  • “Valensiya” - “Selta” - 22 avgust, 22:30

  • “Espanol” - “Real” - 23 avgust, 00:30

  • “Atletiko” - “Vilyarreal” - 23 avgust, 20:00

  • “Xetafe” - “Rasing” - 23 avgust, 22:30

  • “Elche” - “Barselona” - 24 avgust, 00:30

  • “Osasuna” - “Levante” - 24 avgust, 22:30

  • “Malaga” - “Deportivo” - 25 avgust, 00:30

APL: chempion “Arsenal” va Gvardioladan keyingi “Siti”

Angliya Premer-ligasida yangi mavsum “Arsenal” - “Koventri” uchrashuvi bilan boshlanadi. Mikel Arteta jamoasi 22 yillik tanaffusdan keyin chempionlikni qo'lga kiritdi va endi unvonni himoya qilishga harakat qiladi.

Londonliklarning asosiy ustunliklaridan biri - barqarorlik. Chempionlik uchun asosiy raqobatchilarning aksariyati murabbiyini almashtirgan bir paytda “Arsenal” Arteta bilan ettinchi yilga kirmoqda. Buning ustiga markaziy chiziq “Nyukasl”dan Bruno Gimaraeshning kelishi bilan yanada kuchaydi.

Eng katta o'zgarish “Manchester Siti”da. Pep Gvardiolaning o'n yillik davri yakunlanib, jamoani Enco Mareska qabul qildi. Rodri ham klubni tark etdi. Demak, Mareska nafaqat Gvardioladan keyin jamoani boshqarishi, balki o'yin tizimining markazida turgan futbolchilardan birisiz yangi “Siti” qurishi kerak.

gettyimages-2290635688-2048x2048.jpg

“Liverpul”da ham yangi davr. Arne Slot o'rniga Andoni Iraola keldi, Muhammad Saloh esa “Enfild”ni tark etdi. Yillar davomida hujumning asosiy figurasi bo'lgan futbolchining ketishi Florian Virc va Aleksander Isak kabi o'yinchilar zimmasiga yanada katta mas'uliyat yuklaydi.

“Manchester Yunayted” Maykl Kerrik bilan birinchi to'liq mavsumini boshlaydi. U o'tgan chempionat davomida jamoani qabul qilib, yakunda uchinchi o'ringa olib chiqdi. Yozda Yuri Tilemans va Andrey Santosning kelishi markazni kuchaytirdi. Endi Kerrikdan vaziyatni qutqarish emas, “Yunayted”ni chempionlik uchun kurashga yaqinlashtirish talab qilinadi.

“Chelsi”da esa Xabi Alonso davri boshlanadi. Londonliklar Morgan Rojers uchun 117 mln funt sarfladi. Lekin klubning so'nggi yillardagi asosiy muammosi futbolchi sotib olish emas, ulardan barqaror jamoa yasash bo'lib keldi. 

APL, 1-tur taqvimi:

  • “Arsenal” - “Koventri” - 22 avgust, 00:00

  • “Xall Siti” - “Manchester Yunayted” - 22 avgust, 16:30

  • “Everton” - “Kristal Pelas” - 22 avgust, 19:00

  • “Ipsvich” - “Sanderlend” - 22 avgust, 19:00

  • “Nottingem Forest” - “Lids” - 22 avgust, 19:00

  • “Brentford” - “Tottenxem” - 22 avgust, 21:30

  • “Brayton” - “Aston Villa” - 23 avgust, 18:00

  • “Manchester Siti” - “Bornmut” - 23 avgust, 18:00

  • “Nyukasl” - “Liverpul” - 23 avgust, 20:30

  • “Fulxem” - “Chelsi” - 25 avgust, 00:00

Seriya A: “Inter” chempionlikni himoya qiladi, raqiblarda yangi murabbiylar

Italiya chempionati 22 avgust kuni start oladi. Bu yerda asosiy favorit - amaldagi chempion “Inter”.

Kristian Kivu jamoasining asosiy ustunligi raqobatchilarga nisbatan barqarorlik bo'lishi mumkin. “Napoli” va “Milan” murabbiy almashtirgan, “Inter” esa chempionlikni olib kelgan mutaxassis bilan ishlashda davom etmoqda. Lautaro Martines va Markus Tyuram kabi asosiy figuralar ham jamoada.

“Napoli” esa Antonio Kontedan keyin Massimiliano Allegrini taklif qildi. Qizig'i, Allegri Konte qurgan jamoani birinchi marta qabul qilayotgani yo'q - 2014 yilda “Yuventus”da ham aynan shunday holat bo'lgan. Neapolliklar o'tgan mavsumni ikkinchi o'rinda yakunlagani uchun Allegrining vazifasi chempion “Inter” bilan oradagi farqni yo'qotish bo'ladi.

gettyimages-2291280045-2048x2048.jpg

“Yuventus” Luchano Spalletti bilan ishlashda davom etadi. Turin klubi uchun esa Chempionlar ligasi yo'llanmasining o'zi etarli natija bo'lmay qolgan - Italiyaning eng ko'p chempion bo'lgan jamoasi yana Skudetto uchun kurashishni istaydi.

“Milan”da Ruben Amorim davri boshlanadi. Portugaliyalik mutaxassis Massimiliano Allegri o'rnini egalladi. “Rossoneri” so'nggi yillarda yana bir bor loyiha almashtirayotgani uchun Amorimning birinchi vazifasi faqat natija emas, jamoaga barqaror o'yin uslubini berish ham bo'ladi.

“Roma” esa Jan Pero Gasperini bilan ishlashda davom etadi. Rimliklar o'tgan mavsumda uchinchi o'rinni egallagan va bu safar ham yuqori o'rinlar uchun kurashadi.

Seriya A, 1-tur taqvimi:

  • “Inter” - “Monca” - 22 avgust, 21:30

  • “Udineze” - “Komo” - 22 avgust, 21:30

  • “Jenoa” - “Napoli” - 22 avgust, 23:45

  • “Parma” - “Kalyari” - 22 avgust, 23:45

  • “Frozinone” - “Yuventus” - 23 avgust, 21:30

  • “Veneciya” - “Lechche” - 23 avgust, 21:30

  • “Atalanta” - “Sassuolo” - 23 avgust, 23:45

  • “Torino” - “Milan” - 23 avgust, 23:45

  • “Bolonya” - “Lacio” - 24 avgust, 21:30

  • “Roma” - “Fiorentina” - 24 avgust, 23:45

Liga 1: yana PSJga qarshi barcha

Fransiyada so'nggi yillarda mavsum oldidan asosiy savol deyarli o'zgarmaydi: PSJni kim to'xtatadi?

Parijliklar ketma-ket beshinchi chempionlikni qo'lga kiritdi va endi oltinchi unvon uchun harakat qiladi. Bu yerda asosiy muammo PSJning kuchsizlanganida emas - raqiblar unga qanchalik yaqinlasha olishida. Birinchi turda Luis Enrike jamoasi “Renn”ni qabul qiladi.

Parijliklarning asosiy taqibchilaridan biri bo'lishi kutilayotgan “Marsel” mavsumni “Strasburg”ga qarshi o'yin bilan ochadi. Chempionat davomida PSJga bosim o'tkazish uchun marselliklarga birinchi navbatda nisbatan kichik jamoalar bilan o'yinlarda ochko yo'qotishni kamaytirish kerak bo'ladi.

gettyimages-2290442796-2048x2048.jpg

“Monako” esa birinchi turda “Gavr” mehmoni. Fransiyada PSJning moliyaviy va tarkib borasidagi ustunligi saqlanib qolayotgan bir paytda “Monako”, “Marsel” va boshqa da'vogarlarning vazifasi chempionning xatosini kutish emas, mavsum davomida unga bosim o'tkaza oladigan darajada barqaror bo'lish.

Liga 1, 1-tur taqvimi:

  • “Marsel” - “Strasburg” - 21 avgust, 23:45

  • “Lans” - “Oser” - 22 avgust, 20:15

  • “Le-Man” - “Brest” - 22 avgust, 23:45

  • “Nicca” - “Loryan” - 22 avgust, 23:45

  • “Tuluza” - “Lion” - 22 avgust, 23:45

  • “Trua” - “Parij” - 22 avgust, 23:45

  • “Anje” - “Lill” - 23 avgust, 18:00

  • “Gavr” - “Monako” - 23 avgust, 20:15

  • PSJ - “Renn” - 23 avgust, 23:45

Haftaning eng qiziq uchrashuvlari orasida “Espanol” - “Real”, “Elche” - “Barselona”, “Atletiko” - “Vilyarreal”, “Nyukasl” - “Liverpul”, “Manchester Siti” - “Bornmut” va “Inter” - “Monca” bahslarini ajratib ko'rsatish mumkin.

Keyingi hafta esa ro'yxatga Germaniya ham qo'shiladi - Bundesligada yangi mavsum start oladi.

O'xshash yangiliklar


Manba: Championat.asia