Kilian Mbappe Madridda o'z rekordini yangiladi: Francuz "uzoq masofalar qiroli"ga aylanmoqda

Aslanov Jasurbek
22 apr 2026, 12:29
Madridning "Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappe Ispaniya chempionatining 33-turidan o'rin olgan "Alaves"ga qarshi bahsda (2:1) navbatdagi golini urdi va o'zining yangi shaxsiy rekordini o'rnatdi.

Uchrashuvning 30-daqiqasida francuz yulduzi jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli zarba yo'lladi - to'p raqib himoyachisiga tegib, rikoshet holatida darvoza to'ridan joy oldi. Bu gol Mbappe uchun 2025/2026 yilgi mavsumdagi barcha turnirlarda jarima maydonchasi tashqarisidan kiritilgan sakkizinchi gol bo'ldi.

"Opta Sport" nashrining xabariga ko'ra, Kilian bu ko'rsatkich bo'yicha nafaqat o'z rekordini yangiladi, balki kuchli beshlik ligalarida to'p surayotgan futbolchilar orasida ham mavsumning mutlaq yetakchisiga aylanib oldi.

Ma'lumot uchun, Mbappe joriy mavsumda "Qirollik klubi" libosida barcha musobaqalarda 40 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 41 ta gol va 6 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Opta Sport