Kataloniya derbisi qaynoq o'tadi. "Espanol" "Barselona"ga qarshi o'yin oldidan ehtiyot choralarini ko'rmoqda

Sherzod Nurmatov
26 dek 2025
2026 yilda La Liganing ilk o'yinlaridan biri Kataloniya derbisi - "Espanol" va "Barselona" o'rtasida bo'lib o'tadi. "Estadi-Kornelya-El-Prat" stadionida qo'shni jamoani qabul qilishga alohida tayyorgarlik ko'rilmoqda.

"Diario Sport" nashrining xabar berishicha, stadion perimetri bo'ylab maxsus to'rlar o'rnatiladi - bu maydonga begona buyumlar uloqtirilishining oldini olish uchun qilinmoqda. Savol tug'iladi: nima uchun? Sabab maydonda emas, balki shaxsda - "Barselona" darvozaboni Joan Garsiyada.

Bu darvozabon joriy yozda aynan "Espanol"dan "ko'k-anorranglilar" safiga o'tgan. Shu bois muxlislar sobiq futbolchisiga nisbatan "iliq" (aniqrog'i, keskin) munosabat bildirishi mumkin va klub rahbariyati aynan shundan xavotirda.

Agar noxush holatlar yuzaga kelsa, "Espanol" moliyaviy jarimalardan tortib, tribunalarning qisman yopilishigacha bo'lgan jazolarga duch kelishi mumkin.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Diario Sport