

Kamoliddin Tojiev: – O'yin haqida gapiradigan bo'lsak, birinchi bo'limni yaxshi o'tkazdik, yaxshi boshladik, ikkita gol urdik. Tanaffusdan keyin maydonga chiqib, tezkor gol o'tkazib yubordik. Bu ozgina ruhiyatimizga ta’sir qildi. Keyin uchinchi golni urdik. Baribir o'yinning oxirida ozgina charchoq ham sezildi. 10 ta futbolchimiz terma jamoalarda edi. Bizda mashg'ulotlar biroz kam bo'ldi. Shuning uchun o'yin oxirida charchoq bilindi.
– Himoyachilar haqida so'ramoqchi edim. Bugun himoya markazida Hamraliev bilan Abdumajidov o'ynadi. Umuman olganda, Azmiddinov bor, Hamraliev, Abdumajidov kabi zo'r himoyachilar bor. Lekin "Qizilqum"ga qarshi o'yindan keyin qatorasiga har o'yinda gol o'tkazyapsizlar. Markaziy himoya haqida qanday fikrdasiz?
– Gol o'tkazilsa, faqat himoyaning aybi bo'lmaydi-ku, bu butun jamoaning xatosi bo'ladi. Masalan, bugungi golli vaziyat haqida so'radim, hujumchi ofsayddan chiqib urdi, deyishdi. Nima ham derdik, bo'lib turadi. Tarkibni to'liq qaraydigan bo'lsak, baribir hammaga o'yin amaliyotini berish kerak. Bu kamchiliklar ustida ishlaymiz va mehnat qilishda davom etamiz.
– O'tgan mavsumlarda o'ng qanot juda ham yorqin edi, masalan, Hojiakbar Alijonov. To'g'risini aytish kerak, juda ham yorib kirardi. Chap qanotga sherzod Nasrullaev jalb etildi. Shuningdek, Bozorov keldi. Lekin baribir asosiy hujumlar o'ng qanotdan tashkil etilmoqda. "Neftchi"ga qarshi o'yinda chap qanot qanot oqsab qolmaydimi? Hujumda demoqchiman.
– Yo'q, oqsamaydi. Bugun Nasrullevning o'zi ham birinchi bo'limda 7-8 marta ichkariga to'p oshirdi. Faqat o'ng tomondan emas, chap tomondan ham vaziyatlar yaratyapmiz, shunchaki yakuniy zarba yetishmayapti. Buning ustida ishlaymiz, chap tomondan ham, o'ng tomondan ham ko'proq hujum qilamiz.
– Keyingi savolim Hojimat Erkinov haqida. Yaqindagina Hojimatni terma jamoaga chaqirishganda juda faol edi, hozirgi kunda unga nimadir yetishmayapti. O'sha tezkorligi, shiddati yo'q bo'lib qolgandek. Hojimat bilan nimalar bo'lyapti?
– Hozirgi holati ham yomon emas. O'z formasiga qaytishini kutyapmiz, u bilan ham ishlashda davom etyapmiz. O'zi bilan ham gaplashyapmiz, formasiga kirib, yana o'sha yorqin o'yinini ko'rsatadi.
– Yana bitta savol. "Paxtakor"ga qarasak, bu O'zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibi kabi. Shuning uchun darvozabon Vladimir Nazarov haqida so'ramoqchi edim. Superkubokda hammamiz ko'rdik, bitta xato tufayli raqib g'alaba qozondi. Hozir Nazarov maydonga chiqmayapti, terma jamoaga ham chaqirilmadi. Qanaqadir muammolar bormi?
– Yo'q, muammo yo'q. Sanjar Quvvatov ham bor. O'tgan o'yinda g'alabaga erishdik, shuning uchun bugun darvozabonni almashtirmaslikka qaror qildik. Nazarov ham, Sanjar ham o'yin amaliyotiga ega bo'lishadi.
– "Paxtakor"ning gollarini o'tgan yil bilan solishtirsak, bu yil hujumchilarning gol urish foizi kamayib ketgandek. Masalan, Rustam Turdimurodov boshida ikkita o'yinda ikkita gol urdi, lekin umuman olganda qanot vingerlari va yarimhimoyachilar ko'proq gol uryapti. Hujumchilarning gol urmayotgani sizni qanchalik o'ylantiryapti?
– Buning ustida ham ishlaymiz. Mashg'ulotlarda ham mehnat qilyapmiz. Baribir yigitlar harakat qilishyapti. Rustam Turdimurodovning ham, Doston Hamdamovlarning ham o'yini qovushyapti. Ularning ustida yana ishlaymiz.
– Shu joyda yana bitta savol bersa bo'ladimi? Bugungi mish-mishlarga ko'ra, FIFA tomonidan Rossiyadagi legionerlarga ruxsat berilibdi va ular bizning Superligamizda ham o'ynasa bo'lar ekan. Bugun stadion tribunasida Rustam Ashurmatovni ko'rdik. Sergeev transferi ustida ishlayapmiz deyapsiz-ku, balki keyingi turlardan boshlab "Paxtakor" tarkibiga kimdir, o'sha legionerlar qo'shilar?
– Bu borada ham ishlayapmiz.
– Flamarionning holati haqida so'ramoqchi edim. Mavsum boshida shamollab qoldi deb ikkita o'yinda maydonga tushmadi. Keyin zaxiradan tushib o'tgan o'yinda ham assist qildi, bugun ham assist qildi. Umuman, formasiga qaytdimi? Asosiy tarkibga qaytdi desa bo'ladimi?
– Ha, o'tgan mavsum oxirida tizzasini operaciya qildirgan edi. Yig'inda ham o'ynamagandi. Chempionat boshlanganda zaxirada ham bo'lmadi, shamollab qoldi. Hozir mana o'z formasiga kirib oldi.
– Bir-ikkita saytlarda yaqinda "Paxtakor"da moliyaviy muammolar kuzatilayotgani sababli yetakchilar kyetishi mumkin deb yozildi. Bu "Paxtakor"ga qanchalik taalluqli, shunaqa gaplar bormi endi?
– Oylik maoshlar kechikishi hammada bo'ladi. Ketaman deganlar yo'q, hammasi joyida.



