Mirjalol Qosimov: "Futbolchi yugurayotgan payt ko'zidan olov chiqishi, kurashishi kerak"

Оқил Абдубарноев
4 apr 2026
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Superliganing 5-turidan o'rin olgan "Paxtakor"ga qarshi o'yindan so'ng (1:3) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqidagi umumiy taassurotlaringiz?

– Taassurotim shuki, yigitlar oldiga qo'yilgan maqsadni bajara olishmadi. Birinchi bo'limda boshqa sxemada o'ynadik – beshta himoyachi bilan. O'shaning uchun ham "Paxtakor"ga imkoniyat yaratib berildi. "Paxtakor"ni hammamiz bilamiz – yaxshi jamoa. Birinchi bo'limda oldiga qo'yilgan maqsadni to'liq bajarishgani yo'q. Sababi, yigitlarda harakat to'g'ri bo'ldi-yu, lekin yugurayotganda ko'zidan olov chiqishi kerak-da, kurashish kerak! Kurashish kerak o'zi uchun, o'zining g'ururi uchun, jamoasi uchun. Bu narsa birinchi bo'limda ko'rinmadi va albatta bunda "Paxtakor" yaxshi jamoa deb bekorga aytmayapman, bunaqa narsadan foydalanib birinchi golni urib kyetishdi. Ikkinchisi o'sha – rikoshet. Ikkinchi bo'limda ozgina sxemani o'zgartirdik, bu o'z foydasini berdi. Tezkor gol urdik... Va albatta, futbolda yana bitta narsa bor, yaxshi vaziyatlar yaratildi, birinchi bo'limga qaraganda ikkinchi bo'limda raqib darvozasi yaqiniga kelganda gol urishimiz mumkin edi. Hisob 2:1 paytida... endi o'yinni to'liq ko'rib chiqish kerak. Qanaqadir kvadrat o'ynashdi, balkim raqib jamoasi ham bunga imkon bermagandir. Shu vaziyatdan keyin standartdan gol o'tkazib yubordik. Xullas, "Paxtakor"ni tabriklaymiz. Shunaqa, o'yin ikki xil taassurot qoldirdi.

– Menga ham shunday tuyuldi, ikki xil taym ko'rdik. O'zingiz ham aytib o'tdingiz: birinchi taymda 5 ta himoyachi bilan, ikkinchi taymda boshqa sxemaga o'tib oldinglar. Menga shunday tuyuldiki, OKMKning jismoniy holati "Paxtakor"ga nisbatan yaxshiroq ko'rindi. Ularda deyarli terma jamoaning asosiy tarkibi harakat qildi. Ikkinchi taymda hujumkor futbol juda ham ko'p bo'ldi. Futbolchilarning 90-daqiqagacha jismoniy holati yaxshi edi. Savolim shunday: birinchi taymdan boshlab o'sha jismoniy holatdan kelib chiqqan holda shunaqa o'ynaganingizda, balki vaziyatlar ham ko'proq bo'larmidi, deb o'ylayman?

– Albatta. Ruslarda bitta gap bor-ku: "Posle draki kulakami ne mashut" deydi. Qolaversa, menga shu narsa yoqmadi. Sxema... hammasi yaxshi, agarda to'liq va to'g'ri bajarilsa. Menga yoqmaganini echinish xonasida yigitlarga aytdim. O'yinni har xil harakat qilib yutqazish bor. Yutuq-yutqaziq ham bor-da. Masalan, joningni berib, haligidek ko'zingdan olov chiqib o'yinni yutqazib qo'yildimi, qanaqadir rikoshet yoki standartdan urib ketildimi – bunaqa o'yinni yutqazib uyalmanglar, deyman-da. Tushunaman, lekin birinchi bo'limda ko'z yongani yo'q-da. Maydonda 11 kishi yuguryapti, lekin maydonga chiqib yugurishdan tashqari, ichida shijoat bo'lishi kerak, jonkuyarlik bo'lishi kerak. Misol tariqasida aytishim mumkin, 90-daqiqada Nasrullaev qilayotgan ishni. U bir joyda qarab tursa ham bo'ladi, lekin 3:1 vaziyatda ham tezlikni olganda kamida 60 metr yuguryapti o'yinning oxirida. Odam o'zini majbur qilmasa, futbolda o'sish bo'lmaydi. Shunchaki o'tib ketadigan o'yin yo'q, raqib ham bor. Shuning uchun ham menda ikki xil taassurot. Birinchi bo'limdagi holat – bu ham mening qanaqadir aybimdir. Masalan, ruhiy tomondan etarlicha tayyorlay olmagandirman. Lekin maydonga chiqqandan keyin xatoni hamma qiladi, jonini berib o'ynash kerak-da. O'xshashi bor, o'xshamasi bor, xato bor – bu normal holat. Lekin mana shu ishtiyoqsizlik asabimga tegdi. Mana shu narsa birinchi bo'limda yaqqol ko'rinib qoldi. Sxema yomon emas, endi "jismonan zo'r ekanmiz" deb ochiq yugurib kyetish ham "Paxtakor"ga qarshi qanday bo'lishini bilamiz, buning necha marta jabrini ko'rganmiz. Birinchi bo'limni ushlab turib harakat qilish rejasi bor edi, lekin o'xshamay qoldi.

– Statistika ko'rsatyapti: OKMK bu mavsumda mana shu 4-5 turdan keyin xG (kutilgan gollar) bo'yicha kuchli uchtalikdasiz. Yani hujumlar bor, vaziyatlar bor...

– Endi futbol shunaqa narsa-da: kimdir xato qiladi, kimdir shundan foydalanadi. Xato qilganda bundan foydalanmasa, teskarisi bo'lishi mumkin. O'sha birinchi turda ham, ikkinchi turda ham imkoniyatlarimiz bo'lgan. Gol nima qiladi? Raqib jamoasini yanada shoshilishga, kutilmagan to'p yo'qotishlarga, xato qilishga olib keladi-da. Ayrim hollarda o'sha narsa bizga pand berib qo'ydi boshida. Men buni yigitlarning o'ziga ham aytdim. Lekin yutish uchun yaratilgan sharoitdan, hatto yarimta yaratilgan vaziyatdan ham unumli foydalanishni bilish kerak-da. Bizda shu narsa pasayib ketdi. Shuning uchun ham Abdurazzoqovga ham, Asadga ham masalan, etirozlarimiz ko'p. Yoki oxirgi o'sha vaziyatda, 16 metrlikda (jarima maydonchasida) Alida yaxshi vaziyat bo'ldi, to'pni yaxshi oshirib berdi. Endi kechirasiz-ku, jarima maydonchasi ichida to'pni 10 marta to'xtatib o'ynashga hech kim qo'yib bermaydi-da. Bunaqa narsalar endi intellektga bog'liq. Har doim aytaman: to'p qabul qilishdan oldin sizda allaqachon qaror tayyor bo'lishi kerak, manzil aniq bo'lishi kerak.

– "Paxtakor" himoyasiga qarasak, O'zbekiston terma jamoasi a'zolari: markazda Abdumajidov va Hamraliev. Bunga qaramay vaziyatlarni yaratyapsizlar. Ammo ijrochilar... Xolmurodov, Abdurazzoqov kabilarning kelajagi zo'r bo'lsa-da, yaqqol tugatuvchi yetishmayotgandek. Balki OKMKga o'sha sof hujumchi bo'lganida, yana ikki-uchta, to'rttaga ko'proq gol urarmidinglar?

– Yo'q, endi hammasi "balkim" bo'lyapti-da. Hozirgi kunga kelib tushunarli: Xurshid yo'q, boshqasi yo'q, Oybek yo'q masalan. Lekin biz talab qilamiz, yuqori maqsad qo'yiladi. Ular o'z ustida ishlab, to'g'ri fikrlab, to'g'ri xulosa chiqarishlari o'ziga kerak-da. Qolaversa, milliy terma jamoaga nomzodlar bor. Ular maydonda oxirigacha o'ynamasa, o'zini ko'rsatmasa, murabbiylar ham chaqirmaydi. Imkon bor-da yaxshigina. Bekorga Xolmurodov, Abdurazzoqov Dubay yig'inlarida bo'lishmadi. Hech kimga eshik yopiq emas. Shuning uchun ham Nasrullaevni misol keltirdim.

– OKMKning bugungi mag'lubiyati 2023 yil bahori, yani uch yildan beri ilk mag'lubiyati bo'ldi chempionatda "Paxtakor"ga qarshi. Ko'rganmizki, o'tgan mavsumda ham o'yin bo'yicha yutqazayotgan bo'lsa-da, lekin natijani o'z foydangizga hal qilgandingiz. Natijaga va tarkibga qaraydigan bo'lsak, bugungi OKMK so'nggi uch yildagi eng kuchsiz holatidami? Shu fikrga qo'shilasizmi?

– Eng kuchsizimi? Men boshqacharoq aytardim: kuchsiz emas-u, faqat malakali futbolchilar kamroq bo'lib qoldi-da. To'xtaxo'jaev, Ruben, Oybek, Xurshid... Men hozir har biriga to'xtalmayman. Malaka va sifat bo'yicha aytyapman. Lekin bunga ham ozgina vaqt kerak-da. Vaqt-soati bilan shakllanib keladi. Lekin o'sha-o'sha gapim: hech kimga irodasizlarcha yutqazishga kafolat bermayman. Undan ko'ra o'ynamagan yaxshi. Yurak bo'lishi kerak hammasida. Hayot o'zi shunday, beparvo bo'lsang, oyoqosti qilib, toptap tashlaydi. Futbol ham xuddi shunaqa. Kimga qarshi o'ynashingdan qati nazar, futbolda o'z o'rningni olishing kerak.

– Yetakchilar jamoani tark etgani haqida aytib o'tdingiz. Qishki selekciyada ularning o'rnini to'ldirish haqida o'ylanmadimi?

– Yoshroqlarini taklif qildik, lekin bizga to'g'ri kelmadi. Shuning uchun ham o'zimizda bori bilan qolishga qaror qildik.

– O'zbekiston tarixida bunaqasi bo'lmagan: aprel oyida bizni 6-7 ta tur kutyapti. Bunday tig'iz taqvimda o'ynashda ko'pchilikda tajriba yo'q. Sizda murabbiy sifatida qanaqadir strategiya bordir? Masalan, har 3 kunda o'yin bo'lyapti, kuchlarni qanday taqsimlaysizlar?

– Rotaciya. Rotaciya qilamiz. Oldinlari aytishardi-ku, zaxira o'rindig'iga qaragin deb. Hozir zaxirasi kuchli bo'lganlar ko'proq yutadi-da. Bir xil futbolchilar asosiy tarkibda bo'lsa, zaxirada o'tiradigan bolalar bor-ku. Oldin shunday tendenciya bor edi: "Menga zaxirada o'tirgan o'yinchilaringni ko'rsat, men sening jamoang qanaqaligini aytaman" deyishardi. Mana shunga ko'proq bog'liq bo'lib qoladi hozir – bir-birini to'ldirib o'ynashga. Hozir aprel oyigacha 7 ta o'yin bo'lyaptimi? Bolalarning o'zi ham mashg'ulot qilishni yomon ko'radi, futbol o'ynashni yaxshi ko'radi. Mana, federatsiya ham imkon yaratib berdi. Ko'ramiz, normal holat bu. Endi bu erda tiklanish jarayoni eng keragi. Bu ham normal holat.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia