Joel Kojo masalasi nima bo'ldi? "Dinamo" vakillari javob berishdi

Narzulla Saydullayev
21 noya 2024, 15:46
Samarqandning "Dinamo" klubi va Qirg'iziston milliy terma jamoasi hujumchisi Joel Kojo bu mavsum Superliga kashfiyotlaridan biri bo'ldi.

So'nggi paytlarda Kojoning Eronning "Istiqlol" klubiga o'tishi haqida xabarlar ko'payib qoldi. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida "Dinamo" bosh direktori Dilshod Sharofetdinov bilan bog'landik: 


"Rostini aytaman, Tehronning "Istiqlol" klubi Kojoni sotib olishni so'rab bizga rasmiy taklif yubordi. Lekin hozirgacha biz bu borada hech qanday javob berganimiz yo'q, chunki hali chempionat tugagani yo'q. Hujumchining biz bilan 2025 yil oxirigacha shartnomasi bor va agar shu yil qishda "Dinamo"ni tark etsa albatta qanchadir summa evaziga ketadi. Bepul ketadi degan narsa yo'q. Kojo "Dinamo" hisob raqamiga pul tushirib ketadi, agar ketsa. Oldimizda ikkita o'yin bor va mana shu uchrashuvlardan keyin barchasini ko'rib chiqamiz", - dedi Sharofetdinov championat.asia saytiga.



"Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov esa Kojo "Istiqlol"ga ketadimi degan savolimizga qisqa javob berdi: "Menimcha, ha".  


Ma'lumot uchun, Kojo 2024 yil hozirga qadar "Dinamo" tarkibida barcha musobaqalarda 25 ta o'yinda maydonga tushib 10 ta gol urgan va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia