

Yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov ushbu turnir va keyingi yig'in haqida fikrlarini bildirdi.
- Yaponiyada o'tgan xalqaro turnirda tashkilotchilik darajasi juda yuqori bo'ldi. Ishtirokchi jamoalarga barcha yaxshi sharoitlar muhayyo etildi. Raqiblar saviyasi bizga o'yinimizni shakllantirishda qo'l keldi. Polshaning baribir Yevropa vakili ekanligi bilinib turdi. Bu jamoa tarkibida bundesliga klublari vakillari bor. Yaponiya esa qitamizning yetakchilaridan biri sanaladi. Ular yildan-yilga mahoratlarini oshirib borishmoqda. Shogirdlarim bu jamoalarga qarshi uchrashuvlarda yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Imkon qadar barcha o'yinchilarni tekshirib oldim.
Osiyo chempionati saralash bahslariga tayyorgarlikni sentyabr oyida Qatarda o'tadigan yig'in bilan davom ettiramiz. 16-21 sentyabr kunlari Qatarda yoshlar terma jamoasiga qarshi ikki nazorat o'yinida maydonga tushamiz. Bizga tayyorgarlik ko'rish uchun yaxshi sharoitlar yaratilyapti, - deb ta'kidlab o'tdi Abduraimov.
Yaponiyadagi musobaqada yoshlarimiz g'olib bo'lishidan tashqari, Husniddin G'ofurov turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.
1-tur
O'zbekiston (U-19) - Polsha (U-19) - 2:2 (penaltilar seriyasida 6:5)
Gollar: Doston Ibrohimov (23), Behzod G'anijonov (32).
2-tur
O'zbekiston - Yaponiya - 1:0
Gol: Jasur Yaxshiboev (48).
3-tur
O'zbekiston U-19 – Xirosima yoshlar terma jamoasi - 3:1
Gollar: Sharof Muxitdinov (4,10), Husniddin G'ofurov (35).



