Jasur Abduraimov: "Olimpiadaga chiqqanimiz ortidan raqiblarning bizga nisbatan hurmati oshadi"

Iskandarov Abdulaziz
1 may 2024, 13:15
Bugungi kunda O'zbekiston o'smirlar terma jamoasida faoliyat olib borayotgan Jasur Abduraimov O'zbekiston OTJ Parij Olimpiadasiga yo'llanma olishiga munosabatini bildirdi.

"Olimpiya terma jamoamiz bu musobaqaga uzoq vaqt tayyorlangandi. Yigitlarni, murabbiylarni faqat olqishlayman. Eng muhimi murabbiy aynan o'zimizning murabbiy olimpiadaga olib chiqdi. Timur o'zi yaxshi futbolchi bo'lgan, murabbiylikda ham omadi kelyapti. Kapadze eng muhimi natija qila oldi. Qolgani ikkinchi darajali. Natija fonida hammasi ortga chekinadi. Hech narsa shunchaki bo'lib qolmaydi. Ko'rinib turibdi, yigitlar g'alabaga chanqoq.

Murabbiylar musobaqada rotaciyalar qilishdi. Buning natijasida zaxirada ham o'yinni kuchaytiradigan yigitlar borligi yaqqol namoyon bo'ldi. 3-4 yil ichida futbolchilar bir-birini yaxshi tushunib olgandi. Olimpiadaga chiqqanimiz ortidan raqiblarning bizga nisbatan hurmati oshadi.

O'ylaymanki, iqtidorlarga, mahalliy murabbiylarga yanada ko'proq imkoniyat beriladi. Bizning futbolimiz oldinga siljimoqda. Bu o'z mevasini berishni boshladi",- deydi Jasur Abduraimov.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia