Islombek Toshpo'latov: “Avvalgi muvaffaqiyatsizliklarda jamoamizga faqat omad yetishmadi”

Iskandarov Abdulaziz
18 sen 2022, 19:47
Superliganing 19-turidan o'rin olgan "Surxon" - "Lokomotiv" (2:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar futbolchisi Islombek Toshpo'latov o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Islombek, “Lokomotiv” bilan uchrashuvdan keyingi taassurotlar qanday?

- Juda qiziqarli va murosasiz bahs kechdi. Mazkur bellashuvdagi muvaffaqiyat biz uchun juda muhim ahamiyatga ega bo'lgandi. Qolaversa, raqibimizga ham muvaffaqiyat zarurligi sabab qiziqarli uchrashuv bo'lib o'tdi. 

- G'alaba qay tariqa qo'lga kiritildi?

- Biz g'alaba haqli edik deb o'ylayman. Chunki bizda raqibga qaraganda, ko'proq vaziyatlar yuzaga keldi. Shuningdek, jamoaviy bo'lib, g'alaba qozonish uchun oxirigacha intildik. Natijada, muhim va qiyin bo'lgan 3 ochkoga ega bo'ldik. 

- Bu jamoangizning “Lokomotiv” ustidan qozonilgan dastlabki g'alabasi ekanligi sababli o'zgacha kayfiyat taqdim qilgan bo'lsa kerak?

- Ha, albatta. Bu muvaffaqiyat butun jamoamizga o'zgacha kayfiyat taqdim qilganligi rost. 

- Jamoaning ketma-ket mag'lubiyatlariga nima sabab bo'ldi?

- Faqat omad yetishmadi deb o'ylayman. To'g'ri, biz ketma-ket mag'lubiyatlarga duch keldik. Bu esa turnir jadvalidagi holatimizga o'z ta’sirini o'tkazdi. Lekin o'sha bahslarda jamoadan omad ochiqchasiga yuz o'girdi. Har bir o'yinda 2-3ta gol urishimiz mumkin. Hal qiluvchi vaziyatda omadimiz kelmayapti va raqibga imkoniyatlarni boy berib qo'ydik. 

- “Surxon”ning Superligada qolish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Albatta, biz Superligada qolish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz. Barchasi o'z qo'limizda. Qolaversa, hozirda vaqtda bizdan tepada turgan jamoalar bilan ochkolar tafovuti u qadar katta emas. Oldinda turgan bellashuvlarda ijobiy natijalarga erishsak, albatta, vaziyatni o'zgartira olamiz. Ishonamanki, “Surxon” elitada qolishni uddasidan chiqadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia