Islom Ismoilov: "Turon" har bir uchrashuvda g'alaba uchun maydonga tushadi

Aslanov Jasurbek
14 iyul 2020, 11:44
Xabaringiz bor, ertaga "Turon" jamoasi a'zolari Pro liga 3-turi doirasida safarda "Sho'rtan"ga qarshi uchrashuvda maydonga tushadilar.

Klub matbuot xizmati shu munosabat bilan jamoaning mazkur bahsga tayyorgarlik jarayoni xususida jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov bilan kichik intervyu tashkil qildi.

- Islom aka, ayni damda jamoa a'zolarining kayfiyati qanday?

- Futbolchilarning hozirgi xolati va kayfiyati a'lo darajada. Ertangi bahsga jiddiy hozirlik ko'rmoqdamiz. Biz uchun chempionatdagi har bir o'yin juda muhim ahamiyat kasb etadi. O'z oldimizga aniq maqsad qo'yib olganmiz, barcha uchrashuvlarda oxirigacha faqat g'alaba uchun kurashamiz.

- "Sho'rtan"ga qarshi bahs oldidan tarkibda yo'qotishlar bormi?

- Ha, afsuski Akmal Xolmurodov va Doniyor Ismoilovlarning jarohatlari bor. Lekin tarkibimizda ularning o'rnini to'ldira oladigan mahoratli futbolchilar bor, shu bois biz ertangi o'yinga to'liq tayyormiz deb ayta olaman.

- Jamoa ayni damda Qashqadaryoga yetib borganmi?

- "Sho'rtan"ga qarshi safardagi o'yinni o'tkazish uchun kecha yo'lga chiqqandik, ayni damda Qashqadaryodamiz. Bugun kun davomida mashg'ulotlar tashkil etib, o'yinga tayyorgarlik jarayonini davom ettiramiz.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Турон" матбуот хизмати