The Guardian nazariga tushgan Jasur Jaloliddinov bilan suhbat

Aslanov Jasurbek
12 okt 2019
Kuni kecha xabar berilganidek Britaniyaning mashhur The Guardian nashri 2002 yilda tug'ilgan dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilari ro'yxatini e'lon qildi.

E'tiborli jihati Ansu Fati, Mustafa Kapi, Matias Arezolar bilan bir qatorda O'zbekistonlik yosh iqtidor sohibi Jasur Jaloliddinovni ham etirof etdi. O'zbekiston U-19 terma jamoasi bilan Tailanddagi xalqaro turnirda ishtrok etayotgan futbolchi biz bilan aloqaga chiqib saytimizga  intervyu berdi. 

- Jasurbek , Tailanddagi musobaqani yirik mag'lubiyat bilan boshladinglar. Balki Osiyo chempionati mezbonligi O'zbekistonga berilgani futbolchilarga hotirjamlik berayotgandir..

- Turnir oldidan  koreyalik tengqurlarimiz bilan o'ynashni xohlagan edik. Shunday bo'ldi ham. Albatta biz istasak, istamasak hotirjamlik bo'ladi. Chunki hammaga ham bunday imkoniyat berilavermaydi. 

- Janubiy Koreya bilan o'yindagi natija sizningcha adolatlimi? Hisob o'yinga mos bo'ldimi ?

- Tan olish kerak, o'yin davomida Koreya bizdan ustun bo'ldi. Hech qanday rejamiz o'xshamadi. O'yin davomida biz hotirjamlikka berildik, buning o'ziga yarasha sababi bor. Biz oldin Belgiya, Fransiya, Shotlandiya bilan bahslarda yaxshi o'ynab, maksimal natija qayd etgandik. Lekin ishontirib aytamanki biz bundan ko'prog'iga loyiqmiz. Chunki Koreya Yevropa jamoalaridan kuchli emas. Bu uchrashuv biz uchun dars bo'ldi. Endi biz kimga qarshi qanday o'ynash kerakligini tushunib etdik. 

- Musobaqadagi tashkiliy ishlar, uchrashuvlarni  boshlanish vaqtlari ko'ngildagidekmi?

- Tashkilotchilik borasida muammo yo'q. Uchrashuvlarni vaqtlari biroz noqulayroq. Soat uchda boshlanadi, juda issiq, dim havo nafas olishni qiyinlashtiradi. Shu tarafdan muammoga uchrab o'zimiz istagan o'yinni ko'rsata olmayapmiz. 

- Jahonga mashhur bo'lgan  Britaniyaning The Guardian nashri sizni jahonning eng yaxshi yosh futbolchilari qatoriga kiritganiga munosabatingiz qanday? 

- To'g'risini aytsam kutmagan edim. Birinchi ko'rganimda uncha tushunmadim. Internetni aylanib ko'rganimdan keyin anglab etdim. Mexnat qilishdan to'htashga haqqim yo'q endi. Mendan yanayam ko'pini kutishadi. 


Abdulaziz suhbatlashdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia