Ildar Sakaev: "Xunuk seriya davom etmoqda, bu bilan jahon rekordini urdik"

2 may 2026, 23:11
Superliga 11-turdan o'rin olgan "Dinamo" – "Mashal" uchrashuvi 3:1 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Mashal" bosh murabbiyi Ildar Sakaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Nima fikr bildirish mumkin? Xunuk seriya davom etmoqda, bu bilan jahon rekordini urdik. Boshqa gapim yo'q. Yana ozgina gapiradigan bo'lsam, bolalarcha xatoga yo'l qo'yib gollar o'tkazyapmiz. "Buxoro" bilan o'yinda 85 daqiqacha chidab bergandik. Bugun raqib birinchi taymdayoq masalani hal etdi.

- "Mashal" o'zbek futbolida o'ziga xos jamoalardan biri. Bir nechta yaxshi futbolchilarni tarbiyalab bergan. Hozirgi qiyin vaziyatdan jamoa qanday qilib chiqib ketadi oladi?

- Tarkibda o'zgarishlar bo'ladi. Boshqa yo'l ko'rmayapman. Klub rahbariyati ham bu fikrimga qo'shilsa kerak.

- Birinchi taym va ikkinchi taymdagi o'yin haqida nima deya olasiz?

- E'tibor bergan bo'lsangiz, biz bahsni uch nafar himoyachi bilan boshladik. 20-daqiqadan keyin to'rt nafar himoyachi bilan o'ynashga o'tdik. Ikki nafar tayanch yarim himoyachisi bilan harakat qildik. Ko'p energiya yo'qotdik, yigitlarga xato qilmanglar deganimiz bilan baribir xatolar bo'lyapti. Biz agressiv futbolni unutib qo'ydik, kurashlarni yutmayapmiz. Muammolar ko'p.

- Jamoada o'yin uslubi bor. Balki hammasi mavsumga tayyorgarlikdayoq boshlangandir. Balki Igor Surovni olib kelinishi xato bo'lgandir?

- Men boshqalar haqida gapira olmayman. Har bir murabbiyning jamoani mavsumga tayyorlash o'z rejasi bo'ladi. 11 tur o'tibdiki, jamoa futbol o'ynashni bilishi, bunday xatolarga yo'l qo'ymasligi kerak bo'ladi. Biz oddiy vaziyatlarda to'pni yo'qotyapmiz. Omad ham yuz o'giryapti.

- Makedoniyalik futbolchi ham ko'rinmay qoldi.

- U jarohat olgan. Hozir tiklanish jarayonini o'tkazyapti.

- Oldinda Kubok o'yinlari boshlanadi. Balki Kubok orqali jamoaning ruhiyati joyiga tushar?

- Faqat g'alabalar orqali jamoani qiyin holatdan olib chiqib ketishimiz mumkin. 8 nafar futbolchimizda jarohat bor. Kubokda bor kuchni ishga solamiz.

- "Mashal"ning moliyaviy holati qanday? Chunki oxirgi paytlarda hamma o'zbek futbolidagi moliya haqida gapirmoqda.

- Bu savol klub rahbariyatiga deb o'ylayman. Biz ham boshqa klublar bilan bir xil holatdamiz deya olaman.


Manba: championat.asia