Gvardiola 11 yildan buyon YCHLni yuta olmaydi. Hammasiga afrikalik shamanlar aybdormi?

Omonjon To`xtamirzayev
7 may 2022, 13:30
Yaya Ture agentidan qiziq gaplar.

Shubhasiz, Xosep Gvardiola zamonaviy futbolda o'z o'rniga ega murabbiylardan biri. Uning hisobida ko'plab titullar bor, lekin klublar o'rtasidagi asosiy musobaqa - Chempionlar Ligasini oxirgi marta 2011 yil yutgan.

11 yil - kattagina vaqt oralig'i. Vaholanki, Gvardiola "Barselona", "Bavariya" va "Manchester Siti" singari nomdor jamoalarda ishladi. Faqat bir marta, o'tgan mavsum, Xosep "shaharliklar" bilan YCHL finaligacha yetib bora oldi. "Siti" o'sha bahsda favorit edi, lekin kutilmaganda "Chelsi"ga imkoniyatni boy berdi.



Bu omadsizliklarni biror fakt bilan izohlash, sabab sifatida keltirish mushkul. Shuning uchun, Xosep Gvardiolani afrikalik shamanlar lanatlagan degan fikr yuradi.


Bu haqida nimalar ma'lum?

Oldin Yaya Ture qiziqishlarini himoya qilgan rossiyalik agent Dmitriy Selyuk bu haqida OAVda e'lon qildi. Selyukning so'zlariga qaraganda, Gvardiola Tureni qattiq ranjitgan, hozir esa barchasi unga "qaytmoqda".

Gvardiola va Turening yo'llari ikki bor kesishgan: "Barselona" va "Manchester Siti"da. Birinchi safar Pep ivuarlik futbolchini zaxira o'rindig'iga mixlab qo'ygan va undan yosh Serxio Busketsni ustun qo'ygan (2008-2009 yillar). Shu kabi voqealar 2010 yillarda ham takrorlangan, ammo bu gal Angliyada. Jamoa yetakchisi bo'lgan Ture yana tarkibdagi o'rnini yo'qotdi va "Siti"ni tark etishga majbur bo'ldi. Ketar chog'i Gvardiolani irqchilikda aybladi.

"Pep menga nisbatan keskin munosabatda bo'ldi. "Barselona" Inesta bilan shunday ish qila olgan bo'larmidi? O'ylanib qoldim: ehtimol bu terimning rangi bilan bog'liqdir? U qayerda ishlasa ham ko'p bor afrikaliklar bilan kelisha olmagan", - degandi Ture.

Gvardiolaning Chempionlar Ligasidan yana bir chiqib ketishi Selyukning e'tiborisiz qolmadi.

"2018 yil Yaya klubdan ketayotganida men Gvardiola birorta Chempionlar Ligasida g'alaba qozona olmasligini aytgandim. Men shaman emasman, albatta, biroq oxirgi daqiqada 1:0 hisobida yuta turib, keyin ikkita gol o'tkazib yuborsang - o'ylab ko'rish zarur", - deydi rossiyalik agent.

Selyukning so'zlariga qaraganda, "Manchester Siti" Chempionlar Ligasini faqatgina Yaya Ture jamoaning murabbiylar shtabiga kirsagina yuta olishi mumkin.



Gvardiola kimlarga va qanday yutqizib, musobaqani tark etgan?

Ha, lanatlash nazariyasining futbolga bevosita aloqasi yo'qdek, go'yo. Biroq Gvardiolaning Chempionlar Ligasidan bazi chiqib ketishlari o'ta g'alati bo'lgan. O'zingiz qarang:

• 2011/2012-mavsum - "Barselona" bilan "Chelsi"ga yarim finalda imkoniyat boy berilgan. "Barsa" ikki o'yinda 3ta gol o'tkazib yubordi, "aristokratlar" ularning barchasini qo'shimcha daqiqalarda urishdi (45+ va 90+ daqiqalar);
• 2013/2014-mavsum - "Bavariya" bilan "Real"ga (umumiy hisobda 0:5) imkoniyat boy berilgan, gollardan 4tasi o'z maydonida o'tkazib yuborilgan;
• 2014/2015-mavsum - "Bavariya" bilan "Barselona"ga yarim finalda imkoniyat boy berilgan - 3:5;
• 2015/2016-mavsum - "Bavariya" bilan yarim finalda "Atletiko"ga mag'lub bo'lgan. "Matraschilar" safardagi gol evaziga keyingi bosqichga chiqqan (umumiy hisob - 2:2);
• 2016/2017-mavsum - "Man Siti" bilan 1/8 finalda "Monako"ga imkoniyat boy berilgan, safardagi gol faktori barchasini hal qilgan (umumiy hisob - 6:6);
• 2017/2018-mavsum - "Man Siti" bilan 1/4 finalda "Liverpul"ga imkoniyat boy berilgan - 1:5;
• 2018/2019-mavsum - "Man Siti" bilan 1/4 finalda "Tottenxem"ga imkoniyat boy berilgan va yana safardagi gol faktori (umumiy hisob - 4:4);
• 2019/2020-mavsum - "Man Siti" bilan 1/4 finalda "Lion"ga imkoniyat boy berilgan (1:3), Mussa Dembele ikkita golni oxirgi daqiqalarda urib ketgan. "Shaharliklar" o'sha kuni darvoza tomon 18 marta zarba bergan, "Lion" esa - bor yo'g'i 7 ta.



O'tgan mavsum finalida "Chelsi"dan uchralgan mag'lubiyatni yodga olib ulgurdik, "Real"ga bu yil yarim finalda imkoniyat boy berilgani hali ko'pchilikning esidan chiqib ulgurmadi.


Afrikada futbol va shamanizm chambarchas bog'liq

Gvardiolaga "Chempionlar Ligasi lanati" yo'llangan bo'lishi variantini bitta oddiy sabab bilan butkul inkor etib bo'lmaydi: Afrika futbolida shamanlar, sehr-jodular bilan bog'liq misollar etarli. Afrika futbol konfederatsiyasi XXI asr avvvalidayoq shamanlikka taqiq qo'ygan. Biroq hozirgacha klublar va bazi termalarda "maslahatchi" lavozimi va chiqimlar bo'yicha hisobotlarda shaman xizmatlari kiradigan "psixologik tayyorgarlik" degan qismi ham uchraydi. JARda o'tgan JCH-2010 oldidan FIFA rasman tashkilotchilarga o'yinlardan avval turli marosimlar o'tkazishga taqiq qo'ygan.

Agar aniq misollar haqida gapiradigan bo'lsak, 2006 yil aprel oyi Tanzaniya futbol Federatsiyasi "Yanga" va "Simba" klublarini jazoladi, sababi ular shamanlarning qandaydir taqinchoqlarini futbol maydoniga ko'mib qo'yishgan. Eng yangi misol sifatida: Ruanda chempionati doirasidagi "MVS" va "Rayon Sports" uchrashuvi vaqtida mehmonlar forvardi raqib darvozasida noma'lum jism borligini sezib qoladi. "MVS" futbolchilari uni to'xtatishga urinishiga qaramay, tumor zaxira o'rindig'iga "yo'l oldi".





Buning uchun "Rayon Sports" hujumchisi sariq kartochka ishlab oladi - hakam uning harakatlarini sport qoidalariga zid deb baholaydi. Ammo qizig'i forvard deyarli hech qancha vaqt o'tmay, gol urishni uddalaydi. Tasodifmi yoki o'sha noma'lum tumor "MVS" darvozasini goldan himoya qilganmi, tushunarsiz...


Nikolay Egorichev championat.asia uchun maxsus


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia