Gretsiya U-20 – O'zbekiston U-20 uchrashuvini afrikalik hakamlar boshqarib borishadi

Narzulla Saydullayev
1 iyul 2013, 19:14
Gretsiya va O'zbekiston yoshlar terma jamoalari o'rtasidagi U-20 JCH-2013 nimchorak final uchrashuvini kot d’ivuarlik Numandies Due boshqarib boradi.
FIFA Turkiyada davom etayotgan yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionati nimchorak final uchrashuvlarini boshqarib boruvchi hakamlar ro'yxatini e'lon qildi. Unga ko'ra, Gretsiya va O'zbekiston yoshlar terma jamoalari o'rtasidagi bahsni afrikalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Uchrashuv bosh hakami, kot d’ivuarlik Numandies Duega qanolarda vatandoshi Songuifolo Yeo va burundilik Jan-Klod Birumushahu yordam beradi. Kamerunlik Nean Alium esa uchrashuvning to'rtinchi hakam etib tayinlangan.

Afrikaning 2011 yildagi eng yaxshi hakami hisoblangan 42 yoshli Numandies Due xalqaro faoliyatini 2004 yilda boshlagan. O'tgan davr mobaynida u yoshlar o'rtasidagi 2011 yilgi jahon chempionati, klublar o'rtasidagi 2011 yilgi jahon chempionati bahslarida hakamlik qilgan, 2010 yildan jahon chempionati saralash bahslari, Afrika Millatlar Kubogi va Afrika Chempionlar ligasi uchrashuvlarida esa muntazam ishlab keladi.

U-20 JCH-2013
Nimchorak final uchrashuvi
2 iyul, seshanba
GRETSIYA – O'ZBEKISTON
Bosh hakam:
Numandies Due (Kot d’Ivuar)
Yon qanot hakamlari: Songuifolo Yeo (Kot d’Ivuar), Jan-Klod Birumushahu (Burundi).
To'rtinchi hakam: Nean Alium (Kamerun).

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: