

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) FIFAning Jahon chempionati va boshqa musobaqalarga bo'lgan tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish g'oyasidan voz kechganini olqishladi. Shu bilan birga, tashkilot FIFA rahbariyatiga bo'lgan ishonch jiddiy ravishda yo'qolganini ta'kidladi.
UEFA bayonotida aytilishicha, mazkur taklif Yevropa milliy assotsiatsiyalari tomonidan bir ovozdan rad etilgan. Shuningdek, dunyoning turli mintaqalaridagi ko'plab futbol federatsiyalari va konfederatsiyalari ham ushbu tashabbusga qarshi chiqqan.
"Futbol sotilmaydi. Bu g'oyaga qarshi chiqqan barcha muxlislar, ligalar, klublar, futbolchilar, federatsiyalar va hatto qator davlat rahbarlariga minnatdorchilik bildiramiz.
Futbol kelajagiga daxldor qarorlar yashirin tarzda, shoshilinch ravishda va shubhali manfaatlar uchun qabul qilinmasligi kerak.
Hozirgi FIFA rahbariyati nafaqat UEFA, balki jahon futbolidagi ko'plab tashkilotlar ishonchini ham yo'qotdi.
Bunday yopiq eshiklar ortida tayyorlangan, shubhali manfaatlarga asoslangan qarorlar yana takrorlanmasligi kerak. Aybdorlar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi lozim", - deyiladi bayonotda.
UEFA shuningdek, yaqin haftalarda boshqa konfederatsiyalar bilan birgalikda yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha tahlil qilish va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yangi mexanizmlar ishlab chiqilishini ma'lum qildi.
Bayonotda FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2016 yilgi saylov oldidan bergan vadalari ham eslatildi. UEFA fikricha, Infantino tashkilot faoliyati shaffof bo'lishi va FIFA mablag'lari milliy assotsiatsiyalar hamda futbol rivoji uchun xizmat qilishi haqidagi vadalarini bajarmagan.
Shuningdek, UEFA FIFA zaxirasidagi 5 milliard dollardan ortiq mablag'ni tijorat huquqlarini sotmasdan turib ham ommaviy futbol va milliy assotsiatsiyalarni rivojlantirishga yo'naltirish mumkinligini ta'kidladi.



