Fozil Musaev: "Yopiq futbol qarshisida Yevropaning kuchli klublari ham qiynalishadi"

Narzulla Saydullayev
17 sen 2014
Osiyo o'yinlarida ishtirok etayotgan O'zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Fozil Musaev saytimizga intervyu berdi.
"Gonkongga qarshi o'yin juda qiyin bo'ldi. Ikkinchi bo'limda gol urdik, ammo konsentratsiyani yo'qotib qo'ydik va gol o'tkazib yubordik. Kayfiyatimiz a'lo darajada, finalgacha yetib borishga umid qilamiz", - deb gap boshladi Musaev.

"Gonkong himoyasini yorib o'tishda qiynaldik, ularning milliy terma jamoasiga qarshi o'yinda ham qiyin bo'lgandi. Toshkentda 0:0 o'ynagandik, safarda esa 80-daqiqada ilk golimizni urgandik. Raqib futbolchisi bunchalik harakat qilib to'p kiritishini kutmagandik. Ularning dastlabki va oxirgi aniq zarbasi golga aylangani alamli".

"Bangladeshga qarshi o'yin ham xuddi Gonkongga qarshi bahsga o'xshaydi deb o'ylayman. Menimcha ular ham bizga qarshi yopiq, himoyaviy o'ynashadi. Harakat qilamiz ularning himoyasini yorib o'tishga".

"Muxlislardan bizga ishonishlarini so'rab qolaman. Shunchaki raqib juda yopiq o'yin namoyish etgani uchun g'alaba qozona olmadik. Yevropaning kuchli klublari ham himoyaviy o'yin qarshisida qiynalib qolishadi. Bizga ishonishda davom etishsin, ularning ishonchini oqlashga urinamiz", - deydi Fozil Musaev.


Nodirxo'ja Yuldashev
Incheon

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia