"Florian kelajakda "Real"da o'ynashiga umid qilaman" - Vircning agenti Peres va Alonso bilan bo'lgan suhbatni oshkor qildi

Aslanov Jasurbek
25 fev 2026
Florian Vircning agenti Folker Shtrut o'z mijozining kelajakda Madridning "Real" klubiga o'tishini istashini ma'lum qildi.

U yozdagi transfer oynasi vaqtida qilingan harakatlar haqida gapirib berdi.

Alonso bilan suhbat:

Agentning so'zlariga ko'ra, Vircning transferi bo'yicha "Liverpul" yoki "Bavariya" variantlari muhokama qilinayotgan paytda, u Xabi Alonso bilan bog'langan:

"Men Xabi Alonsoga qo'ng'iroq qilib: "Sen "Bayer"dagi yigitni o'zing bilan "Real"ga olib ketishing kerak", dedim. Xabi esa: "Buni menga emas, "Real" prezidenti Florentino Peresga ayt", deb javob qaytardi".

Peresga yozilgan xabar:

Shundan so'ng Shtrut Madrid klubi prezidentiga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilgan:

"Qadrli Florentino, men senga ko'p marta aytganman: menda senga tavsiya qiladigan ajoyib o'yinchi bor. Florian Virc dunyodagi har qanday jamoani kuchaytira oladi".

Peres agentga minnatdorchilik bildirib, uni bosh direktor Xose Sanchesga yo'naltirgan. Biroq Madriddan hech qanday rasmiy taklif tushmagan va yozda germaniyalik yarim himoyachi "Liverpul" safiga borib qo'shilgan edi.

Nima uchun o'xshamadi?

Agent buning sababini moliyaviy holat va jamoadagi raqobat bilan izohladi:

"O'sha yili jamoa tarkibi va byudjeti sababli vaqt noqulay edi. Hatto "Real"ning g'aznasi ham doim to'la bo'lavermaydi. Lekin men hali ham Florian qachondir shu jamoada o'ynashiga umid qilib qolaman", - dedi Shtrut.

Ko'rinishidan, kelajakda germaniyalik iqtidor egasini "Qirollik klubi" safida ko'rishimiz ehtimoli hali ham saqlanib turibdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Bild