FIFA Chelsiga jiddiy taqiq qo'ydi. London klubi endi futbolchi sotib ololmaydi

Narzulla Saydullayev
22 fev 2019
FIFA Chelsini balog'atga etmagan futbolchilar transferlarini amalga oshirishda qoidalarni buzgan deb topdi.

Futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazishda reglament buzilgan 29ta holat topildi. Shu sabab bilan FIFA Chelsiga yaqin 2ta transfer oynasi vaqtida yangi futbolchi ro'yxatdan o'tkazishni taqiqlab qo'ydi.

Shu tariqa Chelsi 2019 yil yozi va 2020 yil qishida yangi futbolchi sotib ololmaydi. Klub bundan tashqari 600 ming Shveytsariya franki miqdorida jarima to'laydi.

FIFA qarori hozircha kuchga kirmagan. Chelsi FIFA apellyacion qo'mitasiga arz qilishi mumkin, bu ham ish bermasa Sport arbitraj sudiga murojaat qilinishi mumkin.

Bu taqiq ijaraga olingan va sotib olish huquqiga ega bo'lgan futbolchilar uchun ta’sir qiladimi (masalan, Gonsalo Iguain) yoki yo'qmi hozircha noma'lum. Ushbu taqiq sotilayotgan futbolchilarga ta’sir qilmaydi.

Oldinroq shunday taqiq Atletiko va Barselona klublariga qo'yilgan edi.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fifa.com