Yevropa ligasining finali uchun chiptalar mart oyida sotuvga chiqariladi

Aslanov Jasurbek
28 fev 2019
UEFA rasmiy sayti 2019 yilning 29 may sanasida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo'lib o'tadigan Yevropa ligasining finali uchun chiqariladigan chiptalarning sotuvi qaysi sanada yo'lga qo'yilishini e'lon qildi.

Ma'lum bo'lishicha, chiptalar mart oyining 7 sanasidan 21 sanasigacha bo'lgan muddatda faqat tashkilotning rasmiy sayti orqali sotiladi.

Hal qiluvchi bahs uchun jami 64 ming dona chipta chiqarilishi rejalashtirilgan. Chiptalarning 37 mingtasi turli davlatlardagi neytral tomoshabinlar uchun mo'ljallangan. Finalga chiqqan jamoalarning muxlislariga ajratiladigan chiptalarning soni esa keyinroq ma'lum bo'ladi.

Agar chiptalarga bo'lgan talab kutilganidan ko'proq bo'lsa, unda UEFA yutuqli o'yinlar ko'rinishida ularni muxlislarga taqdim qiladi. Lotoreyalar uchun ariza qabul qilish muddati esa cheklanmagan.

Eslatib o'tamiz, Yevropa ligasining final uchrashuvi bo'lib o'tadigan Bokudagi “Olimpiyskiy” stadioni o'z bag'riga 70 mingga yaqin tomoshabinni sig'dira oladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: UEFA.com