

O'shanda Daniya termasi yetakchisi Evro-2020ning (kovid tufayli musobaqa 2021 yilda o'tkazilgandi) ilk turida Finlyandiyaga qarshi bellashuvda hushini yo'qotgan va yuragi urishdan to'xtab qolgandi. Maydonning o'zida klinik o'limni boshdan kechirgan Kristianga birinchi tez tibbiy yordam ko'rsatilgan va hayoti saqlab qolingandi.

Yakshanba oqshomida futbol olami yana shu kabi "shok" holatiga tushdi. Evro-2024 "A" guruhidan pley-offga kimlar chiqishi hal bo'layotgan muhim pallada Shtutgart shahridagi maydondagi hech bir futbolchi o'zini ayab o'tirmasligini taxmin qilish qiyin emasdi. Biroq bu kabi shijoat futbolchilardan biriga qimmatga tushishini hech kim bilmasdi.
Uchrashuvning 68-daqiqasida vengriyalik forvard Barnabash Varga boshidan zarba qabul qilib oldi va maydonga quladi.



Darhol Vargani shirmalar bilan telekamera va muxlislardan berkitishga harakat qilishdi. Bu holatda Varganing holati haqida tasavvur paydo bo'lishi uchun qolgan futbolchilarning reakciyalariga e'tibor qaratish etarli, nazarimizda. Bir necha daqiqadan so'ng futbolchini kislorod maskasi yordamida maydondan olib chiqib ketishdi.


O'yin davom ettirildi, biroq forvard maydonga qayta olmasligi deyarli barchaga ma'lum edi. Shuning uchun ham yana bir necha daqiqa maydondagilar ham karaxt holatda harakat qilishdi.
Vengriya terma jamoasi vakillari jamoadoshining harakatlari bekor ketmasligi uchun astoydil harakat qilishdi. O'yinning oxirgi soniyalarida o'yindagi yagona golni Kevin Chobot urdi. Vengriya terma jamoasi muxlislari tomon yugurgan Chobot golni Varganing futbolkasini ko'targan holatda nishonladi.
Ushbu gol Yevropa chempionatlari tarixidagi eng kech urilgan to'p sifatida tarixga kirdi.

Vengriya futbol federatsiyasi o'yin yakunlanganidan bir necha soat o'tib, Varganing holati bo'yicha rasmiy ma'lumot berdi.
"Barnabash Varganing holati muntazam stabil bo'lib turibdi. Hujumchi Shtutgartdagi shifoxonalardan birida va havotir olishga o'rin sabab yo'q. Barchasi ortda qoldi, deb umid qilamiz. Uning holati bo'yicha yana qo'shimcha ma'lumot paydo bo'lsa, albatta biz bu haqida xabar beramiz".
Jamoa ustozi bu ma'lumotni tasdiqladi:
"Uning holati stabil ekanligini bizga ham ma'lum qilishdi. Hozir u shifokorlar nazoratida bo'lib turibdi. Barnabashning yuz suyaklari singan. Katta ehtimol bilan u jarrohlik stoliga yotishiga to'g'ri keladi. Hozir bir narsa aniq Barnabash uchun "Evro" yakuniga etdi. Ammo nima bo'lsa ham u bilan barchasi joyida va eng muhimi shu".

"Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi" deb topilgan Roland Shallai o'yindan keyingi matbuot anjumanida jamoa g'alabani Vargaga bag'ishlashini ma'lum qildi:
"Barnabashni bu holatda ko'rish shunchaki dahshat edi. Hozir uning holati ancha yaxshi, lekin jarrohlik amaliyoti talab qilinadi. Uning jarohatidan keyin maydonda u uchun ham kurashdik va g'alaba qozonishni juda xohladik. Bu muvaffaqiyatni unga bag'ishlaymiz".
"Tvitter"da Antuan Grizmann va Fransiya terma jamoasi bu holatni e'tiborsiz qoldirmadi hamda Vargani qo'llab-quvvatladi.


Qayd etib o'tamiz, mag'lubiyatga uchragan Shotlandiya 1 ochko bilan so'nggi pog'onani band etdi. Vengriya esa (3 ochko bilan) uchinchi o'rinni egalladi va pley‑off bosqichiga chiqish imkoniyatlari ancha yuqori.
"Evro-2024"da Barnabash Varga 3 ta o'yinda maydonga tushdi - Shveytsariya bilan o'yinda (1:3) bitta gol urdi. O'tgan mavsum "Ferencvarosh" safida markaziy hujumchi 40 ta o'yinda ishtirok etdi va "gol+pas" tizimida "29+12" natija qayd etdi.

