Eriksen: "Kasalxonaga ketayotganimizda rafiqamga faoliyatimni tugatishim mumkinligini aytgandim"

Sherzod Nurmatov
8 fev 2022, 19:34
"Brentford" yangi a'zosi Kristian Eriksen yurak urishi to'xtashi bilan bog'liq voqeani eslab, dastlab butsasini mixga ilmoqchi bo'lganini, ammo keyin fikridan qaytganini aytdi.

"Kasalxonaga ketayotganimizda, rafiqamga faoliyatimni tugatishim mumkinligini aytgandim. Ammo ikki kundan keyin vaziyat o'zgardi. Menga nima bo'lganini tushundim. Keyin tekshiruvlar boshlandi, "Qo'limdan keladimi?" degan savol paydo bo'ldi. Vaqt o'tishi bilan tuzalib ketdim. Agar tibbiy ko'riklar natijasi yaxshi chiqsa, asta-sekin futbolga qaytishim mumkinligini aytishdi.

Ko'p sinovlar bo'ldi, yuragim jismoniy mashqlarga qanday dosh berishi sinab ko'rildi va xayriyatki, hech qanday asorat kuzatilmadi, hammasi yaxshi bo'ldi. Men har oy yuklamani oshirib, keyin o'ynashni boshlashim mumkin", – deya fikr bildirdi daniyalik.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning iyun oyida Evro-2020 o'yinida Eriksen yurak to'xtashidan keyin omon qolgan, shundan so'ng unga kardioverter-defibrillyator o'rnatilgan edi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Guardian