Eldor Moyliev: "Superligada hamma jamoalar teng kuchli, kimning omadi kelsa shu yutib ketyapti"

Administrator
13 avg 2025
Superliga 18-turidan o'rin olgan "Sho'rtan" - "Qo'qon-1912" (1:2) uchrashuvidan so'ng "Sho'rtan" bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Tezkor gol o'tkazganimiz o'yinimizda palapartishlik yuzaga kelishiga sabab bo'ldi. Ikkinchi bo'limda vaziyatlar bo'ldi, afsuski unumli foydalana olmadik.

- Tezkor goldan keyin nimani o'zgartirish bo'yicha ko'rsatma berdingiz?

- Alohida bir ko'rsatma berganimiz yo'q. Biz o'yinga tayyorlagan sxema bo'yicha to'p tepishda davom etdik. Chunki har bir o'tkazilgan goldan keyin alohida ko'rsatma bermaymiz. Faqat goldan so'ng o'yinimizda palapartishlik vujudga keldi. O'z o'yinimizni ko'rsata olmadik.

- Sizda B variant ham bormidi?

- Ikkinchi taymda taktik sxemamizni o'zgartirib 4-3-3ga o'tdik. Vaziyatlar ham bo'ldi, ammo foydalana olmadik.

- Jamoangiz "Bunyodkor" bilan tengma-teng o'yin ko'rsata olgandi. Lekin bugun shuni ko'rmadik.

- O'ylashimcha, charchoq alomatlari sezildi. Baribir har uch kunda maydonga tushish oson emas. Balki shu ham o'z ta’sirini ko'rsatgan bo'lishi mumkin. Superligada hamma jamoalar teng kuchli, kimning omadi kelsa shu yutib ketyapti. To'g'ri, ko'p klublarda mahoratli futbolchilar ko'p va asosiy ishni shular qilyapti. Lekin jamoa sifatida klublar bir-birida katta farq qiladi deb o'ylamayman.

- O'tkazib yuborilgan birinchi golda kim ko'proq xatoga yo'l qo'ydi?

- Falonchi xato qildi deb kimnidir aytmoqchi emasman. Hammamiz xato qildik. Baribir o'yinni tahlil qilib chiqamiz.

- Bugun "Sho'rtan" 6 ochko yo'qotdi deb hisoblaysizmi? 

- Ha.

- Jamoaga chet eldan murabbiy kelarmish degan gapni eshitdik.

- To'g'risi, bu gapdan bexabarman.


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia