Duayt York "Yunayted"da Sheshkoning o'rniga kimni o'ynatish kerakligini aytdi

Mirjalol Normatov
20 noya 2025, 23:13
"Manchester Yunayted" sobiq futbolchisi Duayt Yorkning fikriga ko'ra, Ruben Amorim jarohat olgan Benyamin Sheshkoning o'rniga yosh futbolchilarni qo'yib ko'rishi kerak.

"Amorim shunday paytda yoshlarni pishitib, ularning iqtidorini ochishi, Sheshko jarohatlanganda yangi nomlarni kashf qilishi kerak.

Bunga qadar "Yunayted" shunday paytda vaqtinchalik futbolchilar bilan shartnoma imzoladi va bu amalda o'xshamadi. Futbolchilarni jarohatlanganlarning o'rniga olib kelish uchun "Manchester Yunayted" klubi kattalik qiladi. Agarda biror top-hujumchini olib kelish uchun qattiq harakat qilishsa, tushunaman. Lekin ishlar yaxshi bo'lmagan paytda bu qiyin. Agarda "Yunayted" yangi futbolchi bilan shartnoma imzolasa, "Liverpul" kabi yo'l tutib, futbolchining klubga rostdan ham kerak ekanligini tushuntirishi kerak. Bunday holatda klubning U23 tarkibi shunchaki ishlayotgan bo'lishi kerak emas.

Chido Obi-Martinga nima deysiz? Bilaman, birinchi tarkibdagi futbolchilarning nomi katta, biroq shunday holatlar uchun yoshlarni tayyorlab borish kerak. Men "Yunayted"da o'ynab yurgan vaqtlarimda yosh futbolchilar ham biz bilan shug'ullanishardi. O'z navbatida biz ham ularga imkoniyat berilishiga sharoit yaratardik. Bu esa futbolchilarning asosiy jamoaga tezroq moslashishiga imkoniyat beradi. Men asosiy e'tiborni shunga qaratgan bo'lardim.

Sheshkoning maydondan tashqaridaligida Obi-Martinni sinab ko'rgan bo'lardim. Agarda u rostdan ham bunga etarlicha salohiyatga ega bo'lsa, yana imkoniyat berish kerak. Yosh futbolchilarning klub asosiy jamoasida o'zini ko'rsatishini tarixda yuz martalab ko'rganmiz", - dedi York


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: Goal