"Chelsi" "Portu" posboni uchun 75 mln evro to'lashga tayyor

Mirjalol Normatov
25 iyun 2023
"Chelsi" "Portu" posboni Diogu Koshtani o'z tarkibiga qo'shib olmoqchi.

"A Bola" xabariga ko'ra, London klubi 23 yoshli posbonning xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirmoqda. "Portu" esa darvozaboni uchun 75 mln evro so'ragan. Bu futbolchining shartnomasidagi tovon puli hisoblanadi. "Chelsi" faqatgina 3 bosqich bilan ushbu pulni to'lashi mumkin: unga ko'ra, 25 mln evro mablag' ilk to'lov sifatida o'tkazib berilsa, to'lovning yana shuncha miqdordagi ikki qismi keyinroq to'lanadi. Shu orqali klub moliyaviy feyr-pley shartlarini buzmagan bo'ladi.

O'tgan yili PSJga ham ushbu posbon kerak bo'lgan, biroq klublar kelisha olmagandi. Ayni damda Koshta Yevropaning eng zo'r posbonlari qatoriga kiritilmoqda va u APLda eng yaxshilaridan biri bo'lishi kutilmoqda.

O'tgan mavsumda Diogu "Portu" tarkibida 41 o'yinda qatnashib, shularning 20tasida gol o'tkazib yubormadi.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: A Bola