

O'yindan keyin "BuxDU" bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Raqibni g'alaba bilan tabriklayman. Gollarni hisobga olmasak, o'yin teng kurashlar ostida kechdi. Markaziy himoyachilarimizga biroz mahorat yetishmadi. Raqib deyarli har bir hujumini gol bilan yakunladi. Shu sabab mag'lub bo'ldik.
- To'plar nisbatiga qaraydigan bo'lsak, jamoangiz ikkita gol urib 14ta o'tkazgan. Bu nima bilan bog'liq?
- Proligada istalgan jamoa bizga hujum qilyapti. Har o'yinda raqiblar 8-9 marta xavfli vaziyat yaratyapti. Markaziy himoyachilarimiz bunga tayyor emas. Shu tufayli ko'p gol o'tkazyapmiz. Raqib jamoalarning har bir hujumi gol bilan tugayapti. Biz esa to'p kiritishga qiynalyapmiz. Futbol bu psixologiya, jamoa gol o'tkazdimi qayerdadir pasayish ketadi. Bitta gol hamma narsani o'zgartirib yuborishi mumkin. Bugun ikkinchi taymda bitta gol urgach, ancha o'yinimiz yaxshilandi. Agar raqib uchinchi to'pni kiritmaganida yutib ketishimiz ham mumkin edi.
- Beshta tur ortda qoldi. Jamoangiz natija ko'rsatishi uchun yana nechta tur kerak bo'ladi?
- To'g'ri, beshta tur o'tdi va bu kam emas. Har to'rt-besh kunda o'yinlar bo'lyapti, buni ham inobatga olish kerak. Biz bir oy ochida beshta uchrashuvda maydonga tushdik, 25 kun jamoani shakllantirish uchun katta vaqt emas. Bizga yana ozgina vaqt kerak, qiyin holatdan chiqib keta olamiz. Bosh jamoamiz "Buxoro" ko'rigidan o'tmagan futbolchilarni qayta ishlab tarbiyalayapmiz. Buni tushungan tushunadi, tushunmagan tanqid qilaveradi.
- Siz "Buxoro" ko'rigidan o'tmagan futbolchilarni olishga majburmisiz?
- Maqsadimiz shu. Hamma zo'r futbolchi jamoa topib o'ynab kyetmaydi. U-21 jamoasida yosh chegarasi bor. Ular ham 15-20 nafar futbolchi olishi mumkin, lekin qolganlar qayerda o'ynaydi? Mahalliy futbolchilarni saqlab qolish maqsadida Proliga jamoasini tuzganmiz. Biz yoshlarni qaytadan tarbiyalab yana katta futbolga beramiz. Bunga esa vaqt kerak.
- Jamoangiz Buxoroda o'ynashi uchun sharoit yo'qmi?
- U yerdagi stadionda bosh jamoamiz o'ynayapti. Agar biz ham o'ynasak, maydon holatini tartibga keltirish qiyin bo'ladi. Chimni esa yaxshi holatda saqlash kerak.
- Mashg'ulot o'tkazish uchun maydon-chi?
- Universitetimiz hududidagi maydonda mashg'ulotlarni olib boryapmiz.



