"Bunyodkor" Simonenko oldidagi qarzdorlikni Ashurmatovning transferi orqali to'lashi mumkin

6 yanv 2019, 14:51
FIFA Toshkentning "Bunyodkor" klubiga ukrainalik futbolchi Sergey Simonenko oldidagi qarzini to'lashi kerakligi borasida xat yuborgan.

Buni "Bunyodkor" klubi bosh direktori Murod Aliev tasdiqladi.

FIFA "Bunyodkor"ga bir necha kun ichida Simonenko oldidagi qarzni butunlay uzishi kerakligi haqida ogohlantirgan. Aks holda jamoa elitadan quyi divizionga, yani PRO-ligaga tushirib yuboriladi.

Xush, "Bunyodkor" mazkur masalani qay tariqa echadi?

Bu savolga javob olish maqsadida saytimiz xodimi Shahboz Beg'amov "Bunyodkor" rahbariyati bilan bog'landi.

Klub bosh direktori Murod Alievning bizga ma'lum qilishicha, FIFA talabi va Sergey Simonenko oldidagi qarz tez orada uzilishi kerak. Har holda klub rahbariyati mazkur masala ustida bosh qotirmoqda. Murod Aliev tez orada klub prezidenti qabuliga kirib Simonenko masalasini hal etish harakatida.

"Bunyodkor" klubi Sergey Simonenko oldidagi qarzdorlikni himoyachisi Rustam Ashurmatovni sotish orqali to'lashi mumkin. Ayni paytda "Paxtakor" klubi Rustam Ashurmatovning xizmatlari qiziqish bildirmoqda va himoyachini sotib olish bo'yicha rasmiy taklif bilan chiqqan. Hozirda mazkur transfer masalasi bo'yicha muzokaralar davom etmoqda. Agarda muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, Ashurmatov faoliyatini "Paxtakor" bilan bog'laydi. "Bunyodkor" esa transfyerdan tushgan mablag'lar evaziga qarzdorliklarni yopishga urinib ko'radi.

"Bunyodkor" bosh direktori Murod Aliev ayni paytda mazkur masala va muammo ustida bosh qotirmoqda hamda o'z ananalariga ega jamoani elitada saqlab qolish uchun klub oxirigacha kurashishini ta'kidlab o'tdi.

Eslatib o'tamiz, "Bunyodkor"da o'ynab ketgan Sergey Simonenko oldidagi qarzdorlik tufayli yaqinda O'FA FIFA talabi bo'yicha "qaldirg'ochlar"dan 6 ochkoni olib tashlagandi.


Manba: championat.asia