Breaking news: Umid Ahmadjonov o'z lavozimini tark etdi, uning o'rniga Shoabdurahmonov rahbar sifatida saylandi

Aziz Tukhtamuradov
15 may 2019, 19:48
Bugun Milliy olimpiya qo'mitasida tashkilotning navbatdan tashqari yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Kun tartibidan o'rin olgan asosiy masala - tashkilotga yangi rahbar saylashdan iborat edi.

Avvalroq, saytimiz orqali 2018 yilning yanvar oyidan beri MOQ prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelgan Umid Ahmadjonov iste'foga chiqarilishi haqida xabar qilgandik. Uning o'rniga shu kungacha O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borayotgan Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov Milliy olimpiya qo'mitasining yangi raisi lavozimiga saylandi. 

Ma'lumot uchun, Rustam Shoabdurahmonov 2001-2005 yillar davomida Toshkent shahri hokimi sifatida faoliyat olib borgan. 

2017 yilning iyul oyida O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimiga saylangan. Shu bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti buyrug'i bilan O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o'ta muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga molik obektlarni qurish, rekonstrukciya qilish va kapital ta'mirlash direkciyasi rahbari sifatida ham faoliyat yuritib kelgan. 

Eslatib o'tamiz, Umid Ahmadjonov ayni paytda O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vice-prezidenti hisoblanadi.


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: olamsport.com