"Braziliya bilan o'ynash niyatim bor edi. Guruhdan chiqish uchun ko'proq mehnat qilishimiz kerak". Futzalchilarimiz Jahon chempionati qur'asi haqida qanday fikrda?

Aslanov Jasurbek
2 iyun 2021
Kecha futzal bo'yicha Litvada bo'lib o'tadigan Jahon chempionatiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi.

Qur'aga ko'ra, Bahodir Ahmedov boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasi "B" guruhida Rossiya, Misr hamda Gvatemala terma jamoalari bilan bahs olib boradigan bo'ldi. Biz qur'a natijalari haqida terma jamoamiz futzalchilari Davron Choriev va Ixtiyor Ropievning fikrlari bilan qiziqdik.

Davron Choriev -  Jahon chempionatida ikkinchi bor ishtirok etamiz. Bu albatta boshqacha hissiyotlarni beradi. Qur'a natijasini barchamiz yaxshi qabul qilib oldik. Bunday musobaqada oddiy jamoa bo'lmaydi. Har bir bahsga jiddiy qarashimiz talab qilinadi. Men ko'proq Braziliya bilan o'ynashni istagandim. Maylin nima ham deymiz. Guruhimizdagi raqiblarga kelsak, Rossiya haqida ma'lumotlarga egamiz. 2016 yil Kolumbiyadagi mundialda ular juda yaxshi natija qayd etishgandi. Guruhdan chiqish imkoniyatlarimizni yomon, demagan bo'lardim. Muxlisllarimizni xursand qilish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.

Ixtiyor Ropiev - Qur'a tashlash marosimidan oldin Litva, Argentina, Chexiya bilan bir guruhdan joy olishimizni taxmin qilgandim. Yakunda Rossiya, Misr, Gvatemala bizga raqiblik qilishi aniq bo'ldi. Guruhdan chiqishimiz uchun ko'proq mehnat qilishimiz kerak. Imkoniyatimiz bor. 

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia