

Umumiy 24 ta jamoa ishtirok etgan ushbu turnir murosasiz bahslar, keskin kurashlar va yorqin o'yinlarga boy tarzda tashkil etildi. Turnirning 3-o'rin uchun kechgan bahsida “Istiqlol” va “Xovos” jamoalari o'zaro kuch sinashdi. Qiziqarli o'tgan uchrashuv yakunida “Xovos” jamoasi 2:1 hisobida g'alaba qozonib, bronza medallarini qo'lga kiritdi.









Final bahsi esa chinakam futbol bayramiga aylandi. Unda barcha raqiblarini mag'lub etib, finalga yetib kelgan “Daryo Hotel” va “Avto Lider” jamoalari o'zaro bahs olib bordi. Mazkur uchrashuvga taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov hamda sanatkor Dilshodbek Kattabekov mehmon sifatida tashrif buyurib, muxlislarga yanada ko'tarinki kayfiyat ulashdi.
Shiddatli hujumlar bilan boshlangan final uchrashuvida Daryo Hotel jamoasi hujumchisi Obidjon Ummatov hisobni ochdi. Media futbol qoidalariga ko'ra, birinchi bo'limdan so'ng o'tkazilgan penaltilar seriyasida “Avto Lider” jamoasi hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo'limda “Avto Lider” jamoasi oldinga chiqib olganiga qaramay, “Daryo Hotel” jamoasi kuchli iroda va jamoaviy o'yin namoyish etib, yakunda 3:2 hisobida g'alaba qozondi hamda turnir g'olibiga aylandi.
Musobaqa yakunida g'olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.





















