Bobur Zuxriddinov: Yutadigan o'yinda mag'lub bo'ldik

Aziz Tukhtamuradov
16 iyun 2016
Obod – Sho'rtan uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar murabbiyi Bobur Zuxriddinov ishtirok etdi.
-   Bugungi o'yin haqida nima deyishim mumkin: yutadigan o'yinda mag'lubiyatga uchradik. Himoyadagi xatolar pand berdi. Natijada g'alabani qo'ldan chiqardik.

-   Bugungi o'yinda himoya chizig'ida Abror Xusenov va Akbar Xodjaevlar xizmatidan foydalana olmadik. Natijada himoya chizig'ida o'zgarish bo'ldi. Bu futbolchilar shu paytgacha himoyada birga o'ynashmagan, shu sababli bir-birini tushunib o'ynashda kamchiliklar ko'zga tashlanib qoldi.

-   Bugungi uchrashuvda o'tkazib yuborilgan gollarda darvozabonning aybi yo'q. Umuman, Hamroev bugungi uchrashuvni ajoyib tarzda o'tkazdi. Dilshod keyingi o'yinlarni ham bugungidek yuqori saviyada o'tkazsa, asosiy tarkibdan joy olishi mumkin. Muborakda Mashalga qarshi kechgan o'yin oldidan darvozabonimiz Davron Jo'raqulov biroz betob bo'lgan ekan. Shu bois u o'yinga to'liq tayyor holda yetib kelolmagan. Bu esa bizga pand berdi.

-   Jamoada 11 metrlik jarima zarbalarini asosan Sanjar To'raqulov amalga oshiradi. Muborakdagi o'yinda u birinchi vaziyatdan foydalana olmadi. Ikkinchi bor raqib darvozasiga penalti belgilangan vaziyatda esa Sanjarni almashtirgan edik. Agarda Mashal darvozasiga ikkinchi bor penalti tepishimizni bilganimda To'raqulovni almashtirmagan va unga yana imkon bergan bo'lardim. Futbol shunisi bilan qiziq, bir daqiqadan keyin nima sodir bo'lishini bilmaysan.

Obod FK matbuot xizmati

Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: championat.asia