"Biz ustunlik qildik". Rosenor "Arsenal"dan uchralgan mag'lubiyatga izoh berdi

Aslanov Jasurbek
4 fev 2026
"Chelsi" bosh murabbiyi Liem Rosenor Angliya liga Kubogi yarim finalida "Arsenal"dan uchralgan mag'lubiyat (umumiy hisob 2:4) va musobaqani tark etgani haqida gapirdi.

Murabbiyning fikricha, jamoa o'yinida o'sish bor:

"Ikkinchi bo'limda o'zimiz istagan zonalarda ustunlikka erishdik, ammo sifatli vaziyatlar yarata olmadik. Oxirgi daqiqalarda bor kuchimiz bilan bosim o'tkazdik, hatto markaziy himoyachilarni ham raqib jarima maydonchasiga yubordik. Bunday paytda qarshi hujumdan gol o'tkazib yuborish ehtimoli doim yuqori bo'ladi.

"Arsenal" ularni qiyin o'yin kutayotganini bilardi. Birinchi bahsga qaraganda o'yinimiz ancha yaxshilangani ko'rinib turibdi. Mag'lubiyat - alamli, lekin biz o'sishda davom etishimiz kerak.

Bahona qidirmoqchi emasman, ammo birinchi o'yin oldidan bazamizda virus tarqalgandi va to'rt nafar futbolchidan ayrilgandik. O'shanda jamoani boshqarayotganimga atigi uch kun bo'lgandi. Futbolchilarimning ishtiyoqi va kurashiga etirozim yo'q. Bu bor-yo'g'i boshlanishi", - dedi Rosenor.

Eslatib o'tamiz, ikki o'yin natijasiga ko'ra "kanonirlar" zafar quchib, final yo'llanmasini qo'lga kiritishdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: BBC