Bahodir Ahmedov: "Guruhda favorit O'zbekiston. Lekin hammasini o'yinlarimiz ko'rsatadi"

Iskandarov Abdulaziz
28 may 2022
O'zbekiston futzal terma jamoasi yaqinda bo'lib o'tgan qur'a tashlash marosimida Osiyo chempionatidagi raqiblarini bilib oldi.

Biz bu borada terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahodir Ahmedovning fikrlari bilan qiziqdik. 


Futzal. 27 sentyabrda boshlanadigan Osiyo Kubogiga qur'a tashlandi. O'zbekiston Tojikiston va Turkmaniston bilan bir guruhdan joy oldi


"Qur'a natijalarini yomon demagan bo'lardim. Hozirda Osiyoda kuchsiz raqib yo'q. Barcha jamoa o'ziga yarasha kuchga ega.  Guruhimizdagi Turkmaniston, Tojikiston ham yaxshi o'yin ko'rsatmoqda. Osiyo chempionatida kutilmagan vaziyatlar, natijalar ro'y berishi mumkin. Bunga avval ham guvoh bo'lganmiz. Shunday ekan, har bir o'yinga jiddiy qarash kerak. Guruhda bizni favorit sifatida ko'rsatishmoqda. Lekin hammasini o'yinlarimiz ko'rsatadi. 

O'zbekiston kubogi uchrashuvlari yakunlangach yigitlarga biroz dam berib, tayyorgarlikni boshlaymiz. O'rtoqlik uchrashuvlariga raqiblar gaplashilyapti. Bilasiz, yozda bu jarayon qishga nisbatan qiyinroq. Chunki bu paytda ko'pchilik dam oladi. FIFA kunlari bo'lmaydi. 

Quvayt, Tailand terma jamoalarini ham kuzatmoqdamiz. O'zimizning, ularning yangi o'yinlarini ko'rib tahlil qilamiz. Unumaslik kerakki, futzalda hamma narsa bo'lishi mumkin",- deydi Bahodir Ahmedov

Eslatib o'tamiz, futzal bo'yicha 17-Osiyo Kubogi 27 sentyabrdan 8 oktyabrga qadar Kuvaytda bo'lib o'tadi. O'zbekiston "B" guruhida Bahrayn hamda qo'shni davlatlar Tojikiston va Turkmaniston bilan kuch sinashadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia