​​Azizbek Turg'unboev: Paxtakor rahbariyati meni tushunadi deb umid qilaman

Narzulla Saydullayev
1 yanv 2019
Navbahor futbolchisi Azizbek Turg'unboev Paxtakor jamoasi bilan rasman kelishuvga erishgani haqida ma'lumotlar tarqaldi.

- Bugun ko'plab saytlarda sizning Paxtakor bilan kelishuvga erishganingiz haqida xabarlar tarqalib ketdi. Bu qanchalik haqiqat?
- To'g'ri, Paxtakor jamoasi bilan muzokaralar bo'lmagan deya olmayman. Ular bilan shartnomalar masalasida gaplashganmiz. Ammo, mening yakuniy qarorim Navbahorda qolib, chempionlik marrasini zabt etish. Mana shunday sharoitlarni yaratib berayotgan rahbarlar uchun, muxlislar uchun jamoada qolishga qaror qildim.

- Navbahor jamoasi rahbariyati jamoada qolishingiz uchun sizga taklif qilgan shartnomaga imzo chekishga majbur bo'lganingiz rostmi?

- Yo'q, (kuladi) bunday narsa bo'lmagan. Odamlar bunaqa gaplarni qayerdan topishadi hayronman. Men har doim o'z xohishim bilan shartnomaga imzo chekkanman. Bunga hech qanday shubha bo'lishini mumkin emas.

- Yuqorida Paxtakor bilan kelishuv to'g'risida aytdingiz. Yakuniy qaroringiz esa Navbahorda qolish ekan kelajakda Paxtakor bilan hech qanday muammo bo'lmaydimi?

- Bu masalada muammolar bo'lmaydi deb o'ylayman. Navbahor PFK rahbariyati masalani hal qilishini aytdi. Fursatdan foydalanib, Paxtakor jamoasi rahbariyati meni tushunadi deb umid qilaman. Menga e'tibor qilib jamoalariga taklif qilganlarida xursandman va rahmat aytaman. Ammo, mening yuragim Navbahorda. Namanganda futbolning ashaddiy, fidoiy muxlislari juda ko'p. Jamoamizning shunday fidoiy muxlislari uchun, ularning hurmati uchun, men yana Navbahorda qolaman. Ularning menga bo'lgan ishonchlari uchun, qo'llab-quvvatlab turganliklari uchun barchalariga rahmat deyman.


Farhod Umaraliev suhbatlashdi



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: t.me/F_Umaraliev