

Biz doimiy ravishda kuzatadigan, havas qiladigan va shunchaki, zavq oladiganimiz bazi chempionatlar avgust oyining dastlabki 10 kunligida start olgandi.
Endi esa Piriney yarim oroliga ham katta futbol shukuhi kirib kelmoqda. Chunki, bugun, 16 avgust kuni soat millari yarim tunga ishora qilib bong urar lahzada Ispaniya La Ligasining yangi mavsumi boshlanadi. Xudo xohlasa, siz bilan deyarli bir yil mobaynida 1929 yilda asos solingan mazkur birinchilikning 89-mavsumini kuzatib boramiz.
Yangi mavsum bizga nimalarni vada qilmoqda?
Yakunlangan va boshlanajak futbol mavsumi oralig'ida yana bir mavsum borki, unda jamoalar eski mavsumdan xulosa qilgani holda harakatlanadilar, yangi mavsum maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda sarmoya kiritadilar. Payqaganingizdek yozgi transferlar oynasi yoki mavsumi haqida gap bormoqda. Shu oraliqda amalga oshirilgan sotuv yoki xaridlar jamoaning kelasi mavsum(lar) dagi taqdirini bevosita hal qilib qo'yishi mumkin. Shuni inobatga olgan ispan klublari transfer bozorini qizdirib turdi va eng e'tiborli shartnomalar mazkur mamlakat jamoalari ishtirokida imzolandi. Jumladan, yangi futbol mavsumi qanday ko'rinish olishini taminlaydigan bir nechta transferlarga to'xtalib o'tamiz:
Antuan Grizmann. Kichik shahzoda endi Kichkina qirol bilan bir jamoada. Grizmann transferi shunisi bilan ahamiyatliki, u birvarakayiga La Liganing ikki yetakchi klubi taqdiriga aloqador bo'ldi. Atletiko kuchsizlanishi barobarida, Barselonadagi daxshatli hujum chizig'ini yanada vahshiylashtirgani va jamoaga Messidan keyin yetakchilikni o'z qo'liga olib, jamoani ergashtira biladigan figurani taqdim etgani bilan ahamiyatlidir. Barselona francuz uchun 120 million evro sarfladi. Bundan tashqari, ko'k-anor ranglilar maydon markazini Frenki de Yong bilan mustahkamlab olishdi.
Jamoa transferlar uchun umumiy hisobda 255 million evro sarfladi. Sotuvlar ortidan esa 146,40 million evro ishlab oldi. Barselona ichki chempionatdagi gegemoniyasini davom ettirish yo'lida katta qadam tashladi.

Eden Azar. Belgiyalik futbolchi nihoyat o'z orzusiga erishdi. Oxirgi mavsum Real va Azar bir-biriga naqadar muhtojligini ko'rsatib qo'ydi. Ronaldu ketgach, uning o'rni munosib nomzod taklif etilmasligi oqibatida jamoa inqirozli bir yilni boshdan kechirdi. Taqdir Azarga shunday inom taqdim qildiki, u Realni inqirozdan olib chiqish barobarida jamoa uchun yangi davrni boshlab berishi mumkin. Zidan klubga butkul yangicha o'yin uslubini tadbiq qilayotgan mahalda jamoada Azarning o'rni bo'lakcha. U taqdir inomidan qanday foydalana oladi buni vaqt ko'rsatadi. Ehtimolki, jamoa afsonasiga aylanar. Xatto, Serxio Ramosdan keyin Qirollik klubining qiroliga ham aylanishi ham mumkin. Hammasi futbolchining o'ziga bog'liq.
Real transferlar uchun jami 305,5 million evro sarfladi. 4 nafar futbolchisini esa boshqa klublarga 115 million evro evaziga pullab yubordi.

Joau Feliks. Katta ehtimol bilan, Ronaldu o'zi Figudan qabul qilib olgan terma jamoadagi yetakchilik vazifasini mana shu yigitchaga topshirib ketadi. Zero, bir yil oldin hech kimga tanish bo'lmagan Joau katta futbolga po'rtana misol kirib kelib, 20 yoshida 126 million evroga baholandi. Mavsumlar oralig'idagi uchrashuvlardan xulosa qilsak, butunlay yangilangan matraschilar jamoasi oldingidan ham mazmunliroq o'yin namoyish etishga qodir. Jamoani tark etgan Godinu Grizmannlar o'rni yangi mavsumda umuman bilinmasligi ham mumkin.
Atletiko esa transferlar uchun 243,5 million evro sarflab, 311,1 million evrolik sotuvlarni amalga oshirdi.

Bunday katta xaridlar fonida ko'pchilik yana bir foydali transferni nazardan qochirdi. O'tgan mavsumda bir nechta ajoyib uchrashuvlar o'tkazgan, ammo barqarorlik etishmagan Betis klubi 11-o'rinni egallagandi. Lionning sobiq yetakchisi Nabil Fekir yangi mavsumni ushbu jamoa tarkibida o'tkazadi. Mazkur xarid jamoa o'yiniga barqarorlik qo'shish barobarida Real Betisni Sevilya va Valensiyalar kabi ikkinchi to'lqin jamoasiga aylantirishi mumkin.
Yanada kuchaygan Barselonaga yangilangan Atletiko va yangi taktika ostida o'ynayotgan Real qarshilik ko'rsata oladimi? Aks holda, Barsa oxirgi 12 yilda 9-chempionligini tantana qilishi mumkin.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, bizni oldinda kutilmagan voqealarga boy, shiddatli futbol mavsumi kutib turibdi. Unda sodir bo'ladigan barcha qiziqali voqea va hodisalar, o'yinlar va turlar sharhini bizning saytimizda kuzatib boring. Biz siz uchun har doim eng yaxshisini ilinamiz.
Eslatma: Ispaniya chempionatiga bugun 00:00 da Basklar o'lkasidagi San-mames o'yingohida o'tadigan Atletik Bilbao va Barselona ishtirokidagi o'yin bilan start beriladi.
Faxriddin Ro'ziev



