"Arsenal" Xulian Alvares bo'yicha norasmiy muzokaralar o'tkazdi: Uning tovon puli 500 million evro!

Aslanov Jasurbek
24 yanv 2026, 16:06
Londonning "Arsenal" klubi "Atletiko Madrid" hujumchisi Xulian Alvaresga qiziqish bildirmoqda.

Bu haqda "ESPN" nashri xabar tarqatdi.

"Arsenal" sport direktori Andrea Berta (u "Atletiko"da 12 yil faoliyat yuritgan) hujumchining agenti Fernando Idalgo bilan a'lo darajadagi munosabatlarni saqlab qolgan. Ma'lumotlarga ko'ra, londonliklar vakillari argentinalik futbolchining atrofidagilar bilan norasmiy muzokaralar o'tkazib, uning transferi qanchalik real ekanligini o'rganishgan.

Xulian Alvaresning amaldagi shartnomasida 500 million evro miqdoridagi tovon puli ko'rsatilgani taxmin qilinmoqda. Biroq "matraschilar" kelasi yozda hujumchi uchun 100 million evrodan ko'proq mablag' talab qilishlari aytilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Alvares 2024 yilning yozidan beri Madrid klubi sharafini himoya qilmoqda. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 28 ta o'yinda maydonga tushib, 11 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning "Atletiko" bilan shartnomasi 2030 yilgacha mo'ljallangan. "Transfermarkt" hujumchini 100 million evroga baholamoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN