

Futbolning ashaddiy ixlosmandi hamda jonkuyari hisoblangan 38 yoshli mutaxassis endilikda yangitdan shakllanayotgan hamda jiddiy maqsadlar uchun jiddiy harakatlarni boshlagan “Andijon” klubini oldinga etaklashda o'zi bosh-qosh bo'ladi.
Ziyodbek Mashrapov jamoaning Antaliyadagi o'quv-mashg'ulot yig'inlarida shaxsan o'zi bevosita ishtirok etib, jamoaning yangi mavsumga tayyorgarligini kuzatib bordi va futbolchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda.
Klub matbuot xizmati esa undan dastlabki intervyuni oldi.
- Ilk bor bosh direktor lavozimiga kirishdingiz. Bu mas'uliyatni qanday his qilyapsiz?
- Bu lavozim men uchun katta sharaf va juda katta mas'uliyat. “Andijon” - bu shunchaki klub emas, bu minglab muxlislarning ishonchi va umidi. Shu ishonchni oqlash uchun bor kuchimni safarbar qilaman.
- Ilk kunlaringizda eng katta qiyinchilik nimada bo'ldi?
- Eng katta qiyinchilik - juda qisqa vaqt ichida barcha jarayonlarga chuqur kirib borish, mavjud muammolarni tez va to'g'ri baholash bo'ldi. Lekin jamoa bilan birgalikda buni engib o'tyapmiz.
- Siz uchun bu lavozim - ishmi yoki missiya?
- Bu men uchun avvalo missiya. Agar faqat ish deb qaralsa, natija bo'lmaydi. Klub rivoji, yoshlar kelajagi va muxlislar ishonchi - men uchun eng muhim qadriyatlar.
- Ilk 100 kunda qaysi ustuvor vazifalarni bajarishni rejalashtiryapsiz?
- Tashkiliy tizimni mustahkamlash, moliyaviy intizomni yaxshilash, sport bo'limi bilan aniq reja ishlab chiqish va muxlislar bilan ochiq muloqotni yo'lga qo'yish - asosiy ustuvor vazifalarimiz.

- Qaror qabul qilishda kimlar bilan maslahatlashasiz?
- Mutaxassislar, bosh murabbiy, sport direktori va tajribali sohaviy ekspertlar bilan maslahatlashaman. Yakka qarordan ko'ra jamoaviy fikr har doim samaraliroq.
- Jamoaning bu mavsumgi aniq maqsadlari qanday?
- Barqaror o'yin, intizomli jamoa va yuqori natija. Biz har bir o'yinda g'alaba uchun maydonga chiqamiz va turnir jadvalida munosib o'rinni egallashni maqsad qilganmiz.
- Selekciya va transferlarda qanday yondashuvni tanlaysiz va o'zgarishlar borasida fikringiz?
- Biz tasodifiy emas, aniq tahlil asosida transfer qilamiz. Klub falsafasiga mos, jamoaga foyda keltiradigan futbolchilarni olib kelish - asosiy tamoyil.
- Bosh murabbiy bilan ishlashda siz uchun eng muhim jihat nima?
- O'zaro ishonch va ochiq muloqot. Agar rahbariyat va murabbiy bir maqsad sari ishlasa, natija albatta bo'ladi.
- Yoshlar jamoasi va akademiyaga munosabatingiz qanday? Umuman, bu borada qanday yangiliklar bo'ladi?
- Yoshlar - klub kelajagi. Akademiyani rivojlantirish, mahalliy iqtidorlarga yo'l ochish va ularni asosiy jamoaga olib chiqish bizning strategik rejamiz.
- Siz uchun muvaffaqiyat mezoni nima bo'ladi?
- Faqat kubok yoki joy emas. Barqaror tizim, kuchli jamoa, muxlislar ishonchi va yosh futbolchilar o'sishi - men uchun haqiqiy muvaffaqiyat.
- "Andijon" muxlislariga qanday vada berasiz?
- Biz har doim halol o'ynaymiz, oxirigacha kurashamiz va klub shanini himoya qilamiz. Muxlislar ishonchi - bizning eng katta kuchimiz.
- Yangi mavsum uchun yillik chiptalar savdosi qachondan yo'lga qo'yiladi?
- Yillik chiptalar savdosi yaqin kunlarda rasmiy ravishda e'lon qilinadi. Bu haqda klubning barcha rasmiy sahifalari orqali muxlislarimizga ma'lum qilamiz.



