"Ajdarlar" OCHLda parvozga tayyormi? Osiyo o'yinlariga kimlar chaqirildi? Ro'ziqul Berdiev bilan intervyu

Sherzod Nurmatov
14 sen 2023, 11:38
Joriy mavsumda OCHL guruh bosqichida ishtirok etadigan "Nasaf" tayyorgarlikning so'nggi qismini Antaliyada olib bormoqda.

Qarshi klubi bugun Antaliyaga yetib keldi va hozirlikni boshladi. Tayyorgarlik jarayonlari haqida jamoa ustozi Ro'ziqul Berdiev saytimizga fikrlarini bildirdi.

- FIFA kunlari doirasida yuzaga kelgan tanaffusda OCHLga tayyorgarlik jarayoni qanday ketyapti? Antaliyadagi yig'in haqida nima deya olasiz?

- "Turon" bilan uchrashuvdan so'ng yigitlarga 5 kun dam berdik. 7 sentyabr kuni yig'ilib, 12 sentyabrgacha shug'ullandik va OKMK bilan o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. 

-  Tarkibdagi barcha futbolchilar shay holatdami? Chaves va Jigaurida jamoaga moslashish jarayoni ortda qoldimi?

- Barcha futbolchilar tayyor. Faqat terma jamoalardagi futbolchilarimiz yig'inlarni endi yakunlashdi. Ular bugun ixtiyorimizga kelib qo'shiladi. 3 kun birgalikda mashg'ulot o'tkazib, OCHL bahsiga yo'l olamiz. Turkiya orqali Iordaniyaga yetib borish biz uchun eng maqul variant bo'ldi, deya olaman. Turkiyadan Iordaniyaga parvoz 1,5 soatni tashkil qiladi. 

- Osiyo o'yinlariga "Nasaf"dan Alibek Davronov va Abduvohid Ne'matov chaqirilgan. Ular "Nasaf" uchun muhim futbolchilar hisoblanadi. OCHL uchrashuvi oldidan bu katta yo'qotish emasmi?

- Chaves va Davronov biz bilan birga bo'lmaydi. Argentinalik hujumchi jarohatini to'liq tiklamadi va Toshkentda qoldi. Davronov Osiyo o'yinlariga boradi. Biz Timur Kapadzedan Abduvohidni qoldirishni iltimos qildik. Biz birgina Umid Ergashev bilan qolib, tavakkal qilishni istamadik

- Antaliyadagi qisqa yig'inda nazorat o'yini ham o'tkazish rejada bormi?

- Antaliyada biz faqat mashg'ulot olib boramiz. O'yin o'tkazish muhim emas. Terma jamoa futbolchilari iqlimga moslashib olishlari uchun ham bu narsani shart, deb hisoblamadik. 

- Oktyabr oyida futbolchilar har 3-4 kunda o'yin o'tkazishadi. Ular mavsum oxiridagi yuklamalar va bosimga tayyormi?

- O'ylaymanki, jismoniy tayyorgarlik masalasida muammo bo'lmaydi. Mavsumni oxiridagi tig'iz taqvimdan muvaffaqiyatli o'tib olamiz. Tarkibda etarlicha futbolchilar bor. Faqat oldimizdagi o'yinlarga e'tibor qaratiladi. 


Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia