Ahrol Inoyatov: Kelishilgan o'yinlarda ishtirok etganlar, albatta jazolanadi

Narzulla Saydullayev
30 sen 2014
Ahrol Inoyatov O'zbekiston Futbol Federatsiyasining futboldagi halollikka javobgar mas'ul kotibi etib tayinlandi.
Inoyatovning asosiy vazifasi O'zbekiston futbolidagi o'yinlarning natijasiga suniy ta’sir o'tkazadigan shaxs yoki guruhlarga qarshi kurashish, ularni fosh etish va jazolashdan iborat bo'ladi.

Federatsiya qoshidagi ekspertlar komissiyasi shubhali o'yinni ipidan ignasigacha o'rganib chiqadi, uchrashuv videtasmasini ko'rib chiqib, yakuniy xulosani bevosita O'FF Ijroiya Qo'mitasiga taqdim etadi. Uchrashuv natijasiga ta’sir qilinganligi shubha ostiga olingan o'yinlarga aloqador bo'lgan har bir shaxs, nazoratchi va hakamlardan tortib, murabbiy va futbolchilar bilan gaplashiladi va tegishli choralar ko'riladi, - deydi Inoyatov.

O'zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonovning topshirig'i bilan O'zbekiston Futbol Federatsiyasi va O'zbekiston Professional Futbol Ligasi kelasi mavsumdan boshlab FIFA va OFK tomonidan tavsiya etilgan Halol futbolni himoya qilish deklaraciyasini qabul qiladi. Uchrashuv natijasi kelishilgan deb shubha ostiga olingan barcha o'yinlar O'FF qoshidagi ekspertlar komissiyasi tomonidan taqib qilinadi.

O'zbekiston Futbol Federatsiyasi yangi yildan FIFA va OFK tomonidan tasdiqlangan Halol futbolni himoya qilish deklaraciyasini qabul qiladi. Mazkur deklaraciyaga O'zbekiston Professional Ligasida ro'yxatdan o'tgan har bir nazoratchi, hakamlar, klublar, klublar a'zolari imzo chekadilar. Deklaraciyani imzolash orqali PFLda ro'yxatdan o'tgan har bir rasmiy shaxs kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashishda ishtirok etishga rozi bo'ladi. Bu esa kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashish yo'lidagi muhim qadamdir. Uchrashuv natijasiga ta’sir ko'rsatilgan o'yinlarda ishtirok etgani dalillar bilan isbotlangan har qanday klub, bunga aloqador bo'lgan har qanday murabbiyu futbolchi, albatta, jazolanadi, - deydi Ahrol Inoyatov.

Ayni paytda matbuotda paydo bo'lgan shubhali uchrashuvlar bilan bog'liq ish daftarlari ochilgan bo'lib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan. Oktyabr oyida Axrol Inoyatov bilan matbuot anjumani o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com