Ahmadjon Musaev: Fransiyaga qarshi o'yin biz uchun katta dars bo'ldi

Narzulla Saydullayev
6 iyul 2013
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev Fransiyaga qarshi chorak final o'yini jamoasi uchun katta dars bo'lganini qayd etib o'tdi.
6 iyul, shanba kuni O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiya davom etayotgan yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionati bahslari chorak final uchrashuvlari doirasida Rize shahridagi Yeni Shehir stadionida Fransiya yoshlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv 4:0 hisobida Yevropa vakili foydasiga hal bo'ldi.

Fransiyaga qarshi o'yinda ikki nafar o'yinchimiz diskvalifikaciya sabab, yana biri esa jarohati borligi uchun maydonga tusha olmadi. Tarkibimiz bir-birining o'rnini bosa oladigan o'yinchilardan tashkil topgan, biroq baribir bazi bir o'yinchilarning maydonda yo'qligi natijaga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, Fransiya yoshlar terma jamoasi bugun maydonda bizdan bir necha bor yaxshi o'yin ko'rsatdi va haqli ravishda g'alaba qozondi, - dedi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev.

O'yin Fransiya yoshlar terma jamoasining katta ustunligi ostida o'tdi. Per Mankovski shogirdlari Asilbek Omonov darvozasi tomon jami 28 marta zarba yo'llab, javobsiz to'rtta gol urgan bir vaziyatda, o'zbekistonlik futbolchilar francuzlar darvozasini bor-yo'g'i to'rt marta nishonga olishdi. Ushbu zarbalardan faqat uchtasi aniq chiqdi. To'p nazoratida ham francuzlar o'zbekistonlik raqiblarini 16 foizga ortda qoldirishdi.

Yana qaytaraman, bugun biz uch nafar asosiy o'yinchilarimizdan foydalana olmadik. Bu jihat, shubhasiz, bugungi o'yinimizga o'z ta’sirini ko'rsatdi. Tan olish kerak, bugun Fransiya yoshlar terma jamoasi bizga haqiqiy dars o'tdi. Bugungi o'yin, bugungi natija biz uchun katta dars bo'ldi, - dedi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

21 iyun kuni start olgan Turkiyadagi jahon chempionati bahslari 13 iyulga qadar davom etadi. Musobaqa uchrashuvlari Turkiyaning etti shahridagi etti stadionda o'tkazilayotgan bo'lib, O'zbekiston ularning to'rttasida – Bursadagi Otaruk, Antaliyadagi Akdeniz universiteti stadioni, Gaziantepdagi Kamil O'jak nomli va Rizedagi Yeni Shehir stadionlarida to'p surishga, shuningdek, Bursa, Antaliya, Gaziantep, Trabzon va Rize shaharlaridagi tashkilotchilik bilan bevosita tanishishga muvaffaq bo'ldi. Musobaqa davomida salkam butun Turkiyani aylanib chiqqan terma sifatida, aynan O'zbekiston mezbonlar haqida biror xolis fikr bildirishi mumkin.

Bunday katta musobaqalar o'z-o'zidan o'tkazilmaydi va faqat munosib davlatlargagina taqdim etiladi. Biz Turkiyada tashkil etilgan jahon chempionati bahslarida ishtirok etganimizdan juda ham xursandmiz. Turkiyaga kelgan ilk kunimizdanoq biz o'zimizni uydagidek his qildik, chunki xalqlarimizni yaqin madaniyat, til, aloqalar birlashtirib turadi. Turkiyalik ishqibozlarning o'yinlar davomida bizni qo'llab-quvvatlab turganliklari esa alohida e'tiborga molik. Turkcha mehmonnavozlik uchun teshekkur ederim, - deya qo'shimcha qildi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev.

Ushbu matbuot anjumani O'zbekiston yoshlar terma jamoasi vakillari ishtirokidagi JCH-2013dagi so'nggi media tadbir bo'ldi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com