2018 yilgi Osiyo chempionlari: "Ortda qolgan o'yinlar davomida ularning muxlisiga aylandik"

Iskandarov Abdulaziz
15 iyun 2022
Timur Kapadze boshchiligidagi O'zbekiston U-23 terma jamoasi yurtimizda bo'lib o'tayotgan U-23 Osiyo kubogining chorak finalida Yaponiya bilan to'qnash keladi.


"Samuraylar" yutib bo'lmaydigan jamoa emas. Bu ishni 2018 yil olimpiya terma jamoamiz uddasidan chiqa olgandi. Xo'sh, bugungi uchrashuv oldidan ular qanday fikrda?


Javohir Sidiqov - Yaponiyaga qarshi o'yin futbolchilarimizning keyingi faoliyatiga ta’sir qiladi. Bugun shunday kun. Hamma bosimni tashqarida qoldirish kerak. Yaqinlari, ota-ona, do'stlari faxrlanishligini his qilishsin. Maydonga esa mas'uliyat bilan tushishning o'zi g'alabani taminlaydi. Xudodan duo qilib g'alaba yor bo'lishini so'rab qolamiz. Ortda qolgan o'yinlarda biz ham sizlarning muxlisingizga aylandik.  2018 yilgi uchrashuvga kelsak, o'shanda ichki muhitimiz ajoyib, jamoa ahil bo'lgan. Hozirgi terma jamoamizni ham tashqaridan kuzata turib bu borada muammo yo'qligini sezyapman. 


Botirali Ergashev - Nima bo'lganda ham omad tilaymiz. Ukalarimizga ishonamiz. Ular buning uddasidan chiqishadi. Musobaqa yakunida chempionlik kubogini bosh uzra baland ko'tarish nasib qilsin. Hissiyotlarga boy o'tgan 2018 yilgi Osiyo kubogida Yaponiyani kuchli xarakter va iroda evaziga yutgan edik. Bugun ham shunday bo'lishini  istaymiz. 


Bobir Abdixoliqov - Yaponiyaning bu musobaqadagi o'yinlarini ko'rmadim. Shu bois biror narsa deyishim qiyin. Terma jamoamizga esa omad tilayman. Futbolchilarimizga ishonamiz. Ular kutilgan natijani qo'lga kiritishadi. 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia