2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi 2 fevralda start oladi

Narzulla Saydullayev
5 dek 2013, 17:59
OFK 2014 yilgi Chempionlar ligasi saralash bosqichi uchrashuvlari muddatlarini tasdiqladi. Unga ko'ra, musobaqa 2 fevral kuni start oladi.

2014 yilning 2 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi 1-saralash bosqichi o'yinlari o'tkaziladi. Shu kuni musobaqaning G'arbiy mintaqasida Al-Suvayq (Ummon) – Al-Qodisiya (Kuvayt), Shabob al-Urdun (Iordaniya) – Al-Hidd (Bahrayn) va Al-Kuvayt (Kuvayt) – Ash-Shorta (Iroq) uchrashuvlari bo'lib o'tadi.

8 fevral kuni 2-saralash bosqichi bahslari bo'lib o'tadi. O'zbekistonning OCHL-2014 saralash bosqichida ishtirok etadigan vakillari – 2013 yilgi O'zbekiston vice-chempioni, Toshkentning Lokomotiv va Oliy Liga-2013da uchinchi o'rinni egallagan Qarshining Nasaf jamoasi aynan 2-bosqichda musobaqalarga kirishadi.

2-saralash bosqichida Al-Suvayq - Al-Qodisiya uchrashuvi g'olibi safarda BAAning Baniyas jamoasiga qarshi, Shabob al-Urdun – Al-Hidd uchrashuvi g'olibi safarda Qatar jamoasiga qarshi, Al-Kuvayt – Ash-Shorta uchrashuvi g'olibi safarda O'zbekiston vakiliga qarshi to'p suradi. 2-bosqichning yana bir uchrashuvida O'zbekiston ikkinchi vakili safarda Qatarning ikkinchi vakiliga qarshi to'p suradi.

3-saralash bosqichi bahslari 15 fevral kuni bo'lib o'tadi. Unda Baniyas – Al-Suvayq/Al-Qodisiya uchrashuvi g'olibi o'z maydonida Qatar – O'zbekiston klublari o'rtasidagi o'yin g'olibiga qarshi, Qatar klubi – Shabob al-Urdun/Al-Hidd juftligi g'olibi o'z maydonida O'zbekiston klubi – Al-Kuvayt/Ash-Shorta juftligi g'olibiga qarshi to'p suradi. Ushbu ikki o'yin natijasiga ko'ra, OCHL guruh bosqichining ikki ishtirokchisi nomi ma'lum bo'ladi.

Saralash bosqichidagi uchrashuvlar g'olibi bitta o'yin natijasiga ko'ra aniqlanadi. Qatar va O'zbekiston klublari kimlarga raqib bo'lishi 10 dekabr kuni Kuala-Lumpurda o'tkaziladigan qur'adan so'ng ma'lum bo'ladi. Shuningdek, qur'ada 2013 yilgi O'zbekiston chempioni va Kubogi sohibi Bunyodkorning OCHL guruh bosqichidagi raqiblari nomi ham aniqlanadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz