

Garchi 2024 yilda tomonlar o'zaro murosaga kelib, qarz summasi sezilarli darajada kamaytirilgan va uni 2028 yilga qadar qismlarga bo'lib to'lash jadvali tasdiqlangan bo'lsa-da, vaziyat 2026 yil bahoriga kelib yana keskinlashdi. Bunga asosiy sabab – klubning sobiq bosh homiysi "O'zbekneftgaz" kompaniyasi sportni moliyalashtirishni qayta ko'rib chiqib, Rivaldo oldidagi qarzni to'lash majburiyatidan bosh tortganidir. Kompaniya bu qarz ularning emas, bevosita klubning mas'uliyati ekanini ma'lum qilgan.
Oqibatda, klub 2026 yil 15 aprelga qadar amalga oshirilishi kerak bo'lgan navbatdagi transhni kechiktirdi. Voqealar rivoji quyidagicha tus oldi:
6 may 2026 yil: Rivaldoning vakillari klubga 48 soat ichida qarzni uzish talabi bilan rasmiy ogohlantirish yubordi. Ular agar to'lov qilinmasa, kelishilgan moliyaviy chegirmani bekor qilib, FIFAdan qo'shimcha tovon puli undirishni talab qilish bilan tahdid qilishdi.
14 may 2026 yil: FIFA "Bunyodkor"ga rasmiy ogohlantirish xatini yubordi. Unga ko'ra, klubga qarzdorlikni bartaraf etish uchun 30 kunlik qatiy muhlat berilgan. Agar mazkur talab bajarilmasa, klubga nisbatan yangi o'yinchilarni ro'yxatdan o'tkazishga to'liq transfer taqiqi (embargo) qo'llaniladi.
Sport arbitraj sudi (CAS) qarorida keltirilgan asosiy bandlar
Mazkur muammoning ildizlari 2008–2010 yillardagi "oltin davr"ga borib taqaladi. Lozannadagi Sport arbitraj sudining 2023 yil noyabridagi qarorida nizoning huquqiy va moliyaviy tafsilotlari to'liq ochib berilgan:
Birinchi xususiy mehnat shartnomasi 2008 yil 28 avgustda klub, futbolchi va "Zeromax GmbH" kompaniyasi o'rtasida imzolangan. Ushbu shartnoma imzolangan kundan boshlab 2009 yil 28 avgustgacha yoki 2008/2009 yilgi sport mavsumi yakuniga qadar amal qilishi belgilangan. Shartnoma shartlariga ko'ra, futbolchiga 6 500 000 evro miqdorida asosiy maosh va 1 000 000 evro transfer tovon puli to'lanishi kerak bo'lgan. To'lovlar quyidagicha amalga oshirilishi ko'rsatilgan: shartnoma imzolangan kuni soliqlardan xoli 3 500 000 evro, 2008 yil 25 sentyabrda 2 000 000 evro va 2008 yil 25 oktyabrda 2 000 000 evro. Bundan tashqari, o'yinchiga bir qator imtiyozlar taqdim etilgan:
Mavsum davomida O'zbekiston – Braziliya – O'zbekiston yo'nalishi bo'yicha 12 ta biznes-klass aviachiptasi.
Futbolchining o'zi tanlaydigan jihozlangan uy.
Uy topgunga qadar oilasi bilan mehmonxonada yashash xarajatlari.
2 ta avtomobil (biri o'zi, ikkinchisi rafiqasi uchun).
Shaxsiy haydovchi.
5 nafar farzandi uchun ingliz tilida dars o'tiladigan maktab.
Uning oilasiga ixtiyoriga rus tili o'qituvchisi.
Tibbiy sug'urta.
Ikkinchi xususiy mehnat shartnomasi 2008 yil 17 noyabrda klub, futbolchi va "Zeromax" kompaniyasi o'rtasida tuzilgan. Bu kelishuv orqali dastlabki shartnoma muddati 2011 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan. Mazkur shartnomaga muvofiq, 2010 yilgi mavsum uchun klub futbolchiga 6 000 000 evro sof maosh to'lashi belgilangan bo'lib, bu summa 3 000 000 evrodan ikki qismga bo'lingan holda 2009 yilning 25 avgust va 25 sentyabr kunlari berilishi kerak edi. 2011 yilgi mavsum uchun ham xuddi shunday 6 000 000 evro maosh 2010 yilning 25 avgust va 25 sentyabr sanalarida teng ikki qismga bo'lingan holda to'lanishi kelishilgan. Dastlabki shartnomada ko'rsatilgan barcha qo'shimcha imtiyozlar va boshqa bandlar o'z kuchida qoldirilgan.
Moliyaviy majburiyatlarning buzilishi
2010 yilning yoziga kelib, klubda maoshlar berilmay qolgan. Rivaldo hatto jamoaning tarjimoni, fizioterapevti va bazi o'yinchilarining ijara hamda chipta xarajatlarini o'z cho'ntagidan to'lashga majbur bo'lganini bildirib, 2010 yil 9 avgustda shartnomani bir tomonlama bekor qilgan.
2010 yil avgust oyida "Zeromax" kompaniyasi bankrotlikka uchragach, shartnomadagi barcha moliyaviy yuk bevosita "Bunyodkor" klubi zimmasiga o'tib qolgan.
Sud hukmi
FIFAning Nizolarni hal qilish palatasi klubni shartnomani buzganlikda aybdor deb topgan edi. CAS ushbu qarorni tasdiqlab, klub sobiq o'yinchisiga to'lanmagan maoshlar va yirik miqdordagi tovon pulini to'lashi shartligini qatiy belgilab berdi.
"Bunyodkor" va Rivaldo o'rtasida qariyb 16 yildan beri davom etayotgan ushbu mojaro O'zbekiston futboli tarixidagi eng yirik moliyaviy va huquqiy saboqlardan biridir.
Bir tomondan, bu holat klublarning yagona mega-homiyga yoki davlat korxonalariga to'liq qaram bo'lib qolishi naqadar xavfli ekanligini ko'rsatadi – homiyning bankrotligi yoki moliyalashtirish siyosatini o'zgartirishi butun boshli klubni jarlikka qulatadi. Ikkinchi tomondan, professional futbolda imzolanadigan shartnomalar hech qachon qog'ozdagi oddiy so'zlar bo'lib qolmasligini, FIFA va CAS kabi tashkilotlar sportchilarning huquqlarini qatiy himoya qilishini isbotlaydi.
Endilikda "Bunyodkor" mustaqil ravishda ushbu moliyaviy inqirozdan chiqish yo'lini topishi kerak. Transfer taqiqi ehtimoli faqatgina yangi o'yinchilarni jalb qilishni cheklab qolmay, klubning ichki chempionatdagi o'rniga va umumiy imijiga jiddiy zarba beradi. Davlat kompaniyalarining futboldan chiqib ketishi og'riqli jarayon bo'lsa-da, bu o'zbek klublari uchun zamonaviy tijorat menejmentiga o'tish va o'z-o'zini moliyalashtirish tizimini yaratish yo'lida muhim va majburiy qadam bo'lib xizmat qilishi zarur.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



