Viktor Jalilov: "Muxlislarni ham, bizni ham hujumchining bunday o'yini qoniqtirmayapti"

Aslanov Jasurbek
26 sen 2021, 20:50
Superliganing 20-turidan o'rin olgan "Navbahor" - "Qizilqum" (0:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Viktor Jalilov fikrlarini bildirdi.

"Har ikki jamoa bir-biriga munosib, teng kuchga ega ekanligini ko'rsatdi. Shu bois gollar ko'rmadik. "Qizilqum"da ham, bizda ham 100 foizli vaziyatlar bo'lmadi. O'ylashimcha, durang adolatli bo'ldi. Bugun hech kim g'alabaga munosib emasdi. Garchi har ikki jamoa astoydil kurashgan bo'lsa ham. Birinchi davrada ham ular bilan tengma-teng o'ynab, durang qayd etgandik. Faqat bugun hujumda konstruktivlik yetishmadi.

Mashg'ulot va o'yin boshqa-boshqa narsalar. Mashg'ulotlarda rasmiy o'yinlardagi kabi qarshilik bo'lmaydi. Afsuski, o'yinda mashg'ulotda ishlagan rejalarimiz ish bermayapti. O'ylashimcha, qayerdadir hujumda mahorat va so'nggi nuqtani qo'yadigan futbolchi yetishmayapti.

O'rinboevdan avval birinchi davrada legioner o'ynadi. Albatta, muxlislarni ham, bizni ham hujumchining bunday o'yini qoniqtirmayapti, lekin vaziyat shuni taqozo etyapti. Futbolchilarning bor mahoratini ko'rsatishi uchun astoydil harakat qilyapmiz.

Turnir jadvaliga nazar solsak, yuqori o'rinlar uchun imkoniyatimiz saqlanib turibdi. Jadvalda zichlik kuzatilmoqda. Yakunda kim kuchli bo'lsa, o'shalar yuqori o'rinlarni egallaydi. Buni futbolchilar tushunib turishibdi. Oxirigacha kurashamiz.

Bizda nafaqat hujumchi, balki hujumkor futbolchilar yetishmayapti. Bu masalani ijobiy hal qilish bo'yicha ish olib borilyapti. Keyingi yilga yaxshi o'yinchilar sotib olishga harakat qilinyapti. Umuman, hozirdan keyingi yil to'g'risida gapirish noto'g'ri", – deydi Viktor Jalilov.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Навбаҳор" матбуот хизмати