Timur Kapadze: "O'zbekistondagi har bir klub Dorievni o'z safida ko'rishni istaydi. Hakamlar o'yinni to'g'ri boshqarsa, jamoalarda hech qanday etiroz va bahona bo'lmaydi"

Абдулвосит Бектемиров
24 apr 2026, 03:40
Superliga 9-turidan o'rin olgan "Navbahor" - "So'g'diyona" (1:1) uchrashuvidan so'ng namanganliklar ustozi Timur Kapadze o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Asabiy uchrashuv bo'ldi. Ochko yo'qotganimizdan ranjidik. "So'g'diyona" har bir uchrashuvda kurashmoqda. Imkoniyatlarimiz bo'ldi. Raqib esa ko'p vaziyatlarga ega bo'lmadi, ammo gol urishni uddaladi. Musobaqa jadvalining pastki qismida joylashgan jamoalarga ochko ulashadigan bo'lib qoldik. Bu futbol. Har bir jamoa o'z vazifasi uchun maydonga chiqadi. Raqib yaxshi kurashdi. Kamchiliklar ustida ishlaymiz. Futbolda bunday o'yinlar bo'lib turadi. Ochko yo'qotdik. Endi oldindagi ikki o'yinda maksimal ochko to'plashimiz kerak", - deya gap boshladi Timur Kapadze.

- "Navbahor" bugungi o'yinga qadar ketma-ket uch uchrashuvda gol o'tkazmayotgan edi. Umuman olganda, himoya chizig'i ancha yaxshi o'yin namoyish etmoqda. Himoyachilarning bunday ishonchli o'yiniga yaqinlashib kelayotgan mundial sabab bo'lishi mumkinmi? Axir, barcha futbolchi mundialga borishni va terma jamoadan chaqiruv olishni maqsad qilgan...

- Bilmadim, nima bilan bog'liq. Birinchi turdanoq himoyadagi xatolarni kamaytirish ustida ish olib boryapmiz. Orada Chichinadze jarohat oldi. Uning o'rniga Mamatkazinni qo'ydik. Islom o'yindan o'yinga qo'shib bormoqda. Eng asosiysi, har bir futbolchi jamoa uchun o'ynashi kerak. Terma jamoaga chaqiruv esa murabbiylar shtabining qaroriga bog'liq bo'ladi. Birinchi navbatda jamoaga g'alaba keltirish haqida o'ylashi kerak. Terma jamoaga esa munosiblar chaqiriladi. Bizning jamoada MTJga loyiq yigitlar bor. MTJdan chaqiruv olish bu sharaf.

- "Navbahor" joriy mavsumda kuchli jamoalarni mag'lub etib, nisbatan kuchsizroq jamoalarga qarshi o'yinlarda ochko yo'qotmoqda. Masalan, "Buxoro"ga qarshi o'yin va bugungi durang. "Navbahor" bunday jamoalarga qarshi "immunitet"ni qachon hosil qiladi?

- Statistika bo'yicha shunday. Ochko yo'qotgan o'yinlarimizda g'alaba qozonishimiz mumkin edi. Bu futbol, omadsiz o'yinlar uchrab turadi. Vahima qilishning hojati yo'q. Faqat biz emas, bunday muammo bilan duch kelayotgan. Har bir Top jamoa zich himoyani yorib o'tishga qiynaladi. Zich himoyani yorib o'ta oladigan futbolchilarimiz bor. Bugungi uchrashuvdan to'g'ri xulosa chiqarishimiz kerak. Endi tahlil qilib chiqamiz. Nazarimda, dastlabki turlardagi o'yinlarga qarasak, o'yinimiz ancha yaxshilandi. Raqib kim bo'lishining farqi yo'q. Yetakchimi yoki autsayder. Har bir jamoa maydonga g'alaba uchun tushadi. "So'g'diyona" har o'yinda ko'p gol uradigan jamoa. Ular ham qiyin vaziyatdan chiqib ketishga urinmoqda. Bugun yaxshi harakatlanishdi. Himoya va kerakli paytdagi hujum. Biz bundan-da yaxshiroq o'ynasak bo'lardi. Mayli, bugungi o'yin tarixga aylandi. Endi o'z ustimizda ko'p ishlashimiz kerak. Yanada kuchliroq bo'lamiz. Bunga ishonaman.

- Doriev "So'g'diyona"ning kam sonli hujumlaridan unumli foydalandi va gol urdi. Lyupcho Superliganing eng yaxshi futbolchisi degan fikrga qo'shilasizmi? Superliga klublari uni qanday qilib to'xtatib qolishi mumkin?

- U juda stabil. Ikki mavsumdan buyon barqaror o'yin namoyish etmoqda. Jamoasiga katta foyda keltirib, gol va assistlar qayd etmoqda. So'nggi 2-3 mavsumdagi eng yaxshilardan biri. Doriev haqida himoyachilar bilan gaplashgandik. Himoyachilarimiz Dorievga deyarli imkoniyat berishmadi. Bitta vaziyatga ega bo'ldi, xolos. "Masterstvo" deydi-ku. To'pni bir teginishda o'ziga bo'ysundirib oldi va gol urdi. O'zbekistondagi har bir klub Dorievni o'z safida ko'rishni istaydi. Balki o'sha vaziyatda to'g'riroq harakat qilganimizda gol urilmagan bo'larmidi. Bu futbol.

kopa.jpg

- Katulondi Kati "Paxtakor"ga qarshi o'yindan buyon gol urmayapti. U to'psiz ham ko'p mehnat qilmoqda, ammo hujumchining vazifasi gol urish. Katining o'yini haqida fikr bildirib o'tsangiz...

- Unga savollarimiz bor. Mana nechanchi o'yindir-ki biz kutayotgan o'yinni namoyish eta olmayapti. Bilasiz, legionerlar bilan ishlash biroz qiyinroq. Futbolchi nimalarni yashab o'tayotganini bilishga harakat qilaman. Stressli holatlar. U ingliz tilini deyarli bilmaydi, faqat francuz tilida suhbatlashadi. Umuman olganda yaxshi futbolchi, ammo "Andijon"ga qarshi bahsdan so'ng o'yinida pasayish kuzatilmoqda. U qishki yig'inlarda deyarli ishtirok etmadi. Dastlab, viza olish jarayoni qiyin kechdi. Bunga qadar esa yarim yil davomida o'yin amaliyotisiz qolib ketgan edi. Men jamoamdagi har bir futbolchini kuchli deb hisoblayman. Ishlashda davom etishimiz kerak. Norchaev, G'iyosov va O'rinboev maydonga qaytsa yana kuchayamiz.

- Ulug'bek Bakaev o'yindan so'ng hakamlar xonasiga kirdi. O'yin davomida ham ikki jamoa hakamlar ko'p etiroz bildirdi va umuman olganda asabiy o'yin bo'ldi. Ushbu holat haqida fikr bildirib o'tsangiz. Siz hakamlar xonasiga kirmadingizmi?

- Hakamlar haqida gapirishni istamayman. Bu noto'g'ri. Albatta, har bir murabbiy o'z jamoasi haqida qayg' uradi. Hech kim hech qachon hakamlardan rozi bo'lmaydi. Menga yoqmagan yagona jihat - kurashishga berilmagani. "So'g'diyona"ning etirozlari sabab hakam ular foydasiga qaror chiqardi. O'zi har bir hakamning o'z uslubi bor. Bunday oldingi turlarda hakamlar ko'p vaziyatlarda kurashish va vaziyatni oxiriga etkazib qo'yishga berayotgandi. Mavsum startidan oldin ham ko'proq kurashish imkoniyati berilishini ta'kidlab o'tishgan edi. Mayda follarga kamroq e'tibor beramiz deyishgandi. "So'g'diyona"ning hakamga bo'lgan ortiqcha bosimi ham xalal bergandir. Har bir hakamga omad tilayman. Ular o'yinni to'g'ri boshqarsa, jamoalarda hech qachon etiroz va bahona bo'lmaydi. Shunda biz g'alabaga o'zimiz erisha olmadikmi yoki boshqa faktorlar ham ta’sir o'tkazdimi degan savollar yo'q bo'ladi.


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: