Tartib-intizom qo'mitasi qarorlari

Narzulla Saydullayev
27 iyun 2018, 16:23
O'zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom qo'mitasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda bir qator masalalar ko'rildi va qarorlar qabul qilindi.

Jumladan,

Pro-liga


15-turning “Yozyovon” – “Iftixor” uchrashuvining 90+2-daqiqasida qanot hakami shaniga nomaqbul so'zlar aytgani uchun “Iftixor” jamoasi a'zosi M.Yusupov ikkita o'yinga chetlashtirish va bir million so'm jarima bilan jazolandi.

Shu turning “G'ijduvon” – “Sherdor” jamoalari uchrashuvining 69-daqiqasida jamoadoshini haqoratlagani uchun “G'ijduvon” futbolchisi M.Otaqulov maydondan chetlatildi. Buning evaziga unga nisbatan ikkita o'yindan chetlatish chorasi qo'llanildi.

Mazkur turning “Orol” – “Sho'rtan” jamoalari uchrashuvining 85-daqiqasida jamoadoshiga nisbatan haqoratomuz so'zlar ishlatgani uchun maydondan chiqarib yuborilgan “Sho'rtan” vakili O.Jo'raboevga jazo sifatida ikkita o'yindan chetlashtirish hamda 500 ming so'm jarima jazosi belgilandi.

16-turning “Sherdor” – “Zomin” jamoalari uchrashuvi yakunlangach tajovuzkor xatti-harakatlar amalga oshirgani uchun qizil kartochka ko'rsatilgan “Sherdor” futbolchisi G'.Sariboev uchta o'yinga diskvalifikaciya qilindi va unga nisbatan uch million so'm jarima qo'llanildi.

Mazkur uchrashuvda "Zomin" vakili SH.Abdurahmonov ham jazolangan. U uchrashuv yakuniga etgach, nomaqbul hulq-atvori uchun qizil kartochka bilan "taqdirlangan" edi. Unga nisbatan ikkita o'yindan chetlashtirish va ikki million so'm jarima qo'llanildi.

Shu turning “Istiqlol” va “Norin” jamoalari o'rtasidagi uchrashuvda tajovuzkor xulqi uchun 53-daqiqada maydondan chetlatilgan “Istiqlol” jamoasi vakili R.Abduhamidov uchta o'yinga diskvalifikaciya qilindi va unga nisbatan bir million so'm miqdorida jarima belgilandi.

Mazkur turning “Xorazm” – “Andijon” jamoalari o'rtasidagi uchrashuvining 18, 20, 51 hamda 80-daqiqalarida “Xorazm” jamoasi muxlislari hakamlar guruhiga nisbatan haqoratomuz so'zlar aytishdi, o'yindan keyin esa ularga qarata turli buyumlar uloqtirishdi. Tartib-intizom qo'mitasi qaroriga ko'ra “Xorazm” klubiga 30 million so'm miqdorida jarima solindi. Agar voqea yana takrorlangudek bo'lsa, klubga nisbatan yanada jiddiyroq  intizomiy va jarima  jazo choralari qo'llanishi belgilandi.

17-tur. “G'ijduvon” – “Labsa” uchrashuvining 83-daqiqasida tajovuzkor xulqi uchun maydondan chetlatilgan mezbonlar vakili N.Rahmatullaev uchta o'yinga diskvalifikaciya qilindi hamda unga nisbatan 500 ming so'm miqdorida jarima belgilandi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz