"Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov: "O'z tajribamizdan foydalanishga harakat qildik"

Aslanov Jasurbek
20 apr 2026, 21:28
Proliga 4-turidan o'rin olgan "Lochin" – "Sho'rtan" (1:2) uchrashuvidan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugun chiroyli va bosimli futbol ko'rdik va shunday bo'lishini kutgandik. "Lochin" jamoasi qanday futbol namoyish etishini bilamiz. Kurashlarga boy o'yin guvohi bo'ldik. 2:0 hisobida oldinga chiqib olgach, bahs oxirlarida gol o'tkazib yubordik va "Lochin" o'z o'yini bilan bizni bosim ostida ushlab turdi. Qiyin g'alabaga erishdik. Ushbu yutuq bilan barcha g'uzorliklarni tabriklayman.

- O'yinda "Lochin" "Sho'rtan"ni to'psiz qoldirishga va o'z taktikasiga ko'ndirishga harakat qildi. Shunday vaziyatda "Sho'rtan" raqib taktikasiga tushib qolgandek tasavvur qoldirmadimi?

- To'p nazorati ko'proq "Lochin"da bo'lgani raqib safida yaxshi yarim himoyachilar borligi bilan bog'liq va ular asosan to'pni o'rtada ushlashga harakat qilishdi. "Lochin"da to'p tepayotgan ko'p futbolchilarni bilamiz, ular "Nasaf"dan chiqqan, ko'p yil birga o'ynashgan. Ularning hujum chizig'ini yopishga harakat qilganimiz bois xavfli vaziyatlar kam yaratildi.

- "Sho'rtan" stadioni bilan "Geolog" maydoni o'rtasidagi farq nimada?

- "Geolog"dagi maydon yumshoq, faqat maysa balandroq ekan. G'uzordagi asosiy stadionda faqat o'yinlarni o'tkazyapmiz, mashg'ulotlarni boshqa maydonda olib boryapmiz. "Mashal" ham uy uchrashuvlarini G'uzorda olib borayotgani sababli stadiondan faqat o'yin kuni foydalanyapmiz. Bugun kerakli vaziyatlarda bosim qildik, doim bosim qilganimizda futbolchilarimiz mushaklarida og'riq bo'lardi.

- Zaxiradan tushganlar haqida fikringiz?

- Zaxiradan tushib birdaniga o'yinga kirishib ketish osmonmas. Daniel Nasridinov maydonga tushgach, hujumni kuchaytirishga harakat qildi. Bir nechta yakkakurashlarni yutdi. U kam to'p tepgani bilan jamoamizga foydasi tegdi.

- Bugun raqib jamoa futbolchilari ko'proq ko'zi yonib harakat qildi deb hisoblaysizmi?

- "Lochin" o'z maydonida o'ynadi, bilamizki, o'z uyida hamma yaxshi to'p tepishga harakat qiladi. Yoshlar shu orqali katta futbolda o'z o'rinlarini topishga harakat qiladi. Bu o'rinda biz o'z tajribamizni qo'lladik.

- Shohruh Eshbo'taev o'rniga Nizomiddin Ziyovutdinovning darvozani qo'riqlashi oldindan rejalashtirilganmidi?

- Eshbo'taev borasida hech qanday muammlo yo'q, shunchaki taqvim zich bo'lgani bois rotaciyaga qo'l urdik. Charchoq sezilgan futbolchilar o'rniga boshqalar o'ynaydi. To'rt kundan keyin yana o'yinimiz bor, bu uchrashuvda ham o'zgarish bo'lishi mumkin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia